Andijon shahar sobiq hokimi Bahrom Haydarov qamoqxonada vafot etdi

Фото: Андижон вилояти ҳокимлиги

2022-yil dekabrida 10 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan Andijon shahar sobiq hokimi Bahrom Haydarov vafot etdi, deb xabar bermoqda “Gazeta.uz” Bosh prokuratura matbuot xizmatiga tayanib. O‘limning dastlabki sabablari tez orada ma’lum qilinishi kutilmoqda.

Nashr eslatishicha, Bahrom Haydarov 2017-yildan 2019-yil oktabr oyiga qadar Andijon viloyati moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan davrida moliyaviy jinoyatlar sodir etganlikda gumonlanib, shahar xalq ta’limi bo‘limi mansabdor shaxslari bilan 2022-yilning 6-iyun kuni hibsga olingan.

2022-yil dekabrida Bahrom Haydarov 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi. U Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-modda 3-qismining «a» va «v» bandlari («bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib o‘ta yirik miqdorda o‘g‘irlik qilish»), 209-moddasi 2-qismi («uyushgan guruh manfaatlarini ko‘zlab mansab soxtakorligini amalga oshirish») va 243-moddasi («Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish») bilan aybdor deb topilgan.

Sobiq shahar hokimi 3 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan va unga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 350 baravari, ya’ni 85 750 000 so‘m (7,7 ming dollar) jarima jazosi tayinlangan.

Jinoyatlar Haydarov Andijon viloyati hokimligi Moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan vaqtida sodir etilgan. Jinoyatda yana 45 kishi ishtirok etgan. Ayblanuvchilar 63 milliard so‘mdan (5,7 million dollar) ortiq mablag‘ni o‘zlashtirishda ayblangan. Shundan 16 milliard so‘m (1,4 million dollar) qoplangan, qolgan qismi sudlanuvchilardan birgalikda undiriladi.

Bahrom Haydarov 2019-yil oktabr oyida Andijon shahar hokimi etib tasdiqlangan. Undan oldingi rahbar Dilmurod Rahmatullayev o‘sha yilning yozida «aholi murojaatlari bilan ishlashda yo‘l qo‘ygan xatolari» uchun ishdan bo‘shatilgandi va uning ishdan ketishiga erotik dalillar hamrohlik qilgandi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.