Surxondaryoda arxeologlar 4000 yil avvalgi qadimiy qabrni aniqladi
Madaniy meros agentligiga qarashli Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti va Xitoy Xalq Respublikasining Shimoli-g‘arbiy universiteti o‘rtasida ilmiy hamkorlikka oid shartnoma imzolangan. Kelishuvga muvofiq, ikki mamlakat arxeologlari tomonidan joriy yil 16-apreldan boshlab Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida joylashgan Chinortepa yodgorligida qazuv ishlari boshlab yuborilgan. Bu haqda Madaniy meros agentligiga tayanib, O‘zA xabar bermoqda.
Olimlar ekspeditsiya jarayonida 4000 yil avvalgi qabrlar va 2000 yillik qadimiy shahar xarobalarini topishdi. Arxeologlarning fikricha, topilmalar Qang‘, Kushon va Yuechji (massagetlar) davriga oid bo‘lib, miloddan avvalgi II asrdan eramizning III asriga to‘g‘ri keladi. Ayni paytda O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma ekspeditsiyasi ushbu yo‘nalishda ilmiy-tadqiqot ishlarini davom ettirmoqda.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, Chinortepa yodgorligi 2019-yilda O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma arxeologik ekspeditsiyasi tomonidan kashf etilgan.
Sharhlar