Avstraliyalik chim ustida xokkeychi Olimpiadada qatnashish uchun barmog‘ining bir qismini kestirdi
Avstraliyalik chim ustida xokkeychi, 30 yoshli Mett Douson Parijdagi Olimpiada o‘yinlarini o‘tkazib yubormaslik uchun barmog‘ining bir qismini kestirib tashlashga qaror qildi.
Douson ikki hafta oldin Pertdagi mashg‘ulotlar chog‘ida o‘ng qo‘lining barmog‘ini sindirib olgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sinish shunchalik jiddiy bo‘lganki, u kiyinish xonasida barmog‘ini ko‘rib, Olimpiadada qatnashish orzusiga yakun yasaldi deb o‘ylab hushidan ketgan.
Jarroh unga operatsiyadan keyingi tiklanish bir necha oy davom etishini ma’lum qilgan, bu uning Olimpiadadagi ishtirokini istisno qilgan bo‘lardi. Biroq, Douson shikastlangan barmog‘ining bir qismini amputatsiya qilishga qaror qiladi.
Uning qarori jamoani ham, yaqinlarini ham hayratda qoldirdi. Xokkeychining rafiqasi undan “o‘ylanmagan ishlarni” qilmasligini so‘ragan, ammo Douson bu ongli tanlov ekanligini aytgan.
“Kim biladi, ehtimol bu mening so‘nggi Olimpiya o‘yinlarimdir”, – deydi u Parlez Vous Hockey podkastiga bergan intervyusida.
Jamoa sardori Aran Zalevski jamoa avvaliga shokda bo‘lganini, ammo oxir-oqibat uni qo‘llab-quvvatlaganini ta’kidladi. Endi u operatsiyadan atigi 16 kun o‘tib maydonga chiqadi.
Sharhlar