Bir yil ichida Toshkent yo‘llarida 100 ga yaqin odam halok bo‘ldi
2023 yilda Toshkent yo‘llarida 95 kishi halok bo‘ldi, ulardan 10 nafari bolalar. Yana 1248 kishi (235 bola) tan jarohati olgan, ulardan 10 nafari doimiy nogiron bo‘lib qolishgan. Bu haqda Toshkent shahar prokurori Erkin Yo‘ldoshev ma’lum qildi.
O‘tgan yil davomida Toshkent shahrida mast holda transport vositasini boshqarish bilan bog‘liq 4384 ta holat aniqlangan. Mast holda haydovchilar tomonidan 26 ta og‘ir va o‘limga olib keladigan YTH sodir etilgan.
“Biz go‘yo o‘zgalar taqdiriga befarq bo‘lib qolgandekmiz. Yo‘lda baxtsiz hodisani ko‘rsak, biz: “Muammo” deymiz va o‘tib ketamiz. Ammo buni bir so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydi. Nega biz bu holatga o‘rganib qolganmiz?”, – degan Erkin Yo‘ldoshev.
Toshkent shahrida sodir bo‘layotgan YTHlarning asosiy sabablariga quyidagilar kiradi: belgilangan tezlik me’yorini buzish, svetoforga e’tibor bermaslik, masofani saqlamaslik, piyodalar o‘tishiga yo‘l qo‘ymaslik, quvib o‘tish qoidalarini buzish, transport vositalarini spirtli ichimliklar va giyohvand moddalar ta’sirida boshqarish, voyaga yetmaganlarning transport vositalarini boshqarishiga yo‘l qo‘yganlik.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, yo‘l-transport hodisalari bo‘yicha 1343 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Shundan 348 ta holatda haydovchilar 18-25 yoshda bo‘lishgan.
“Fojialardan to‘g‘ri xulosa chiqarmaymiz. Biz vaqtni oldindan rejalashtirmaymiz. Biz 30 daqiqa vaqt talab qilinadigan yo‘lni 15 daqiqada bosib o‘tishga harakat qilmoqdamiz. Biz sabr tushunchasini tushunmayapmiz. Biz har safar bolalarimiz uydan chiqayotganda nasihat qilamiz, lekin ularga “Yo‘lda o‘zingizni to‘g‘ri tutgin” deyish uchun 30 soniya vaqt ajratmaymiz. Bu haqiqatan ham shunchalik qiyinmi?”, – deb Yo‘ldoshev fuqarolarga murojaat qilgan.
Prokuror kameralar va radarlarning ko‘payishidan noroziligini bildirayotgan haydovchilarga ham javob qaytardi.
“Bu haydovchilarni tezligini kamaytirish va tartibni saqlash uchun qilingan. Busiz dahshatli baxtsiz hodisalar soni yanada ko‘proq bo‘lar edi. Agar kameralar, radarlar shahardagi yo‘l-transport hodisalarini to‘liq to‘xtatsa, ularning sonini ko‘paytirgan bo‘lardik. Biz bunga tayyormiz. Ammo bu yo‘l bilan baxtsiz hodisalar sonini kamaytirishning iloji yo‘q”, — degan u.
Sharhlar