Bojxonada salkam 144 million so‘mlik ekologiya uchun xavfli uskunalar to‘xtatib qolindi
Toshkent shahar bojxona boshqarmasining “Toshkent tovar” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida ekologiya uchun xavfli, Ozon qatlamini yomiruvchi zararli moddalar va ular yordamida ishlovchi uskunalar importini nazorat qilishda postning Tovarlarni klassifikatsiyalash guruhi bilan birgalikda samarali faoliyat olib borilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar Bojxona boshqarmasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Amaldagi tartiblarga ko‘ra, Ozonni buzuvchi yoki ularga bog‘liq bo‘lgan moddalardan foydalangan holda ishlab chiqarilgan sovutish jihozlari va havoni konditsionerlash uskunalarini import qilish ta’qiqlangan.
“Yaqinda postda xorijdan keltirilgan uskunalarni bojxona ko‘rigidan o‘tkazish davomida mazkur cheklovni buzishga urinishlar fosh qilindi. Jumladan, xorijdan keltirilgan yuqori bosimda havoni qurituvchi uskuna hamda ichimliklarni quyuvchi liniya uchun chiller uskunasi Ozonni buzuvchi moddalar ro‘yxatiga kiritilgan R-22 freon moddasida ishlashi ma’lum bo‘ldi”, – deyiladi xabarda.
Shu sababli jami qiymati 143.5 mln so‘mlik mazkur uskunalar hozirda vaqtincha saqlovga olindi va kelgusida respublikamizdan chiqarib yuborilishi kutilmoqda.
Har ikkala holat yuzasidan bojxona surishtiruvlari davom ettirilmoqda.
Sharhlar