Dang‘arada o‘z xizmat vazifasini bajarayotgan IIB xodimiga pichoq bilan hujum qilindi
Joriy yilning 26 avgust kuni soat 20:45 larda Dang‘ara tumani IIB profilaktika katta inspektori N.M. o‘z vakolati doirasida muqaddam JKning 276-moddasi 1-qismi bilan sudlanib, soat 18:00dan soat 06:00ga qadar yashash joyini tark etmaslik ta’qiqi bilan ozodlikni cheklash jazosini o‘tayotgan tumanning Shodlik mahallasida yashovchi fuqaro X.E.ni yashash xonadoniga borib, tekshirgan, deb yozmoqda Farg‘ona viloyati IIB axborot xizmati.
Biroq, fuqaro X.E. xonadonida yo‘qligini, jazoni o‘tash tartibini buzganligini aniqlangan.
“Shu vaqtda, fuqaro X.E. mast holda yashash xonadoniga tashqaridan kelib, baqir-chaqir qilib, janjal ko‘targan va xonadonda bo‘lgan oshxona pichog‘ini olib chiqib, kutulmaganda N.M.ni ko‘krak qafasiga sanchib, unga og‘ir tan jarohat yetkazgan hamda voqea joydan qochib yashringan”, – deyiladi xabarda.
Afsuski, profilaktika inspektori N.M.ga ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan shifohonada vafot etgan.
Olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida X.E. qo‘lga olindi. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi extiyot chorasi qo‘llanildi.
Marhumning oila-a’zolariga chuqur hamdardlik bildirilgan.
Sharhlar