Endi hokimlar mahalliy Kengash raisi bo‘la olmaydi

Фото: senat.uz

Senatning navbatdagi yalpi majlisida “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.

Unga ko‘ra hokim va mahalliy Kengash raisi lavozimlari bir-biridan ajratilib, endilikda hokim mahalliy Kengash raisi bo‘la olmasligi belgilanmoqda.

Shuningdek, xalq deputatlari Kengashlariga deputatlar orasidan saylanadigan rais boshchilik qilishi, u o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshirishi belgilanmoqda, uni vakolatlari muddati tugaguniga qadar lavozimidan ozod qilish tartibi nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, xalq deputatlari Kengashlari va hokimlar tomonidan qabul qilinadigan hujjatlarni Mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlarini ishlab chiqish, kelishish va ro‘yxatdan o‘tkazishning yagona elektron tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi talab mustahkamlanmoqda. Bunda ushbu tizimda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan hujjatlar haqiqiy emas deb hisoblanadi hamda huquqiy oqibatlarga olib kelmaydi.

Qonun bilan viloyat, tuman, shahar hokimi vakolatlari va vazifalariga ayrim o‘zgartirishlar kiritilib, ularga ko‘ra hokim o‘z nomzodini ko‘rib chiqishda mahalliy Kengashga hududni rivojlantirish dasturini taqdim etishi belgilanmoqda.

Qizg‘in muhokamadan so‘ng Qonun bir ovozdan maʼqullandi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.