Farg‘onada 3000 dan ortiq kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalar qo‘lga olindi
3400 donaga yaqin kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini olib kirmoqchi bo‘lgan haydovchilar ushlandi, deb yozmoqda viloyat bojxona boshqarmasi matbuot xizmati.
Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi “O‘zbekiston” chegara bojxona posti va Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan post orqali qo‘shni davlatdan mamlakatimizga kirib kelgan yuk avtotransport vositasi belgilangan tartibda bojxona va chegara nazoratidan o‘tkazildi. Yuk avtotransport vositasida hujjatlarda chorva mollari borligi qayd etilgan bo‘lsada, avtotransport vositasining yon bo‘lmasida qutilarda hujjatlarda ko‘rsatilmagan va bojxona nazoratidan yashirilgan tovarlar mavjudligi aniqlanib ko‘zdan kechirildi. Natijada, qutilarda xorijda ishlab chiqarilgan va tegishli hujjatlari bo‘lmagan jami 1393 dona “tropikamid” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlandi.
“Yana bir shunga o‘xshash holatda boshqarmaning “Rishton” chegara bojxona posti orqali qo‘shni davlatdan kirib kelgan fuqaro boshqaruvidagi “Lasetti” rusumli avtotransport vositasi haydovchi tomonidan avtotransport vositasida deklaratsiyalanmagan va bojxona nazoratidan yashirilgan tovarlar mavjud emasligi ma’lum qilinganidan so‘ng bojxona va chegara nazoratidan o‘tkazildi. Natijada, avtotransport vositasining old kapoti ichidagi xufiya qismiga 199 konvalyutada jami 1993 dona “Zardeks” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari yashirincha olib o‘tilayotganligi aniqlandi”, – deyiladi xabarda.
O‘tkazilgan bojxona ko‘riklari natijasida 2 turdagi jami 3400 donaga yaqin kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini chetdan noqonuniy olib kirilishiga chek qo‘yildi. Ushbu dori vositalarining “qora bozor”dagi narxi 585 mln. so‘mni tashkil etmoqda.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Sharhlar