“FTV” va boshqa kanallarga nisbatan ish qo’zg’atildi

Foto: uzreport.news

Ijtimoiy tarmoqlarda bir qator telekanallar tomonidan taqdim etilayotgan reklamalar hajmi ko‘pligi, reklama roliklari efiri uzoq vaqt davom etishi yuzasidan qoldirilgan murojaatlar keskin muhokamalarga va keng jamoatchilikning e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Raqobat qo‘mitasi ushbu holat yuzasidan o’rganish olib bordi.

Unga ko’ra, 3 ta telekanalda, jumladan “FTV”, “Muloqot” va “Amudaryo” telekanallari tomonidan joriy yilning aprel-iyul oylarida joylashtirilgan reklamalar hajmi qonunchilik bilan belgilangan me’yorlardan ortiqligi holatlari aniqlandi.

Yuqoridagilarga asosan, Qo‘mitaning Maxsus komissiyasi tomonidan “Reklama to‘g‘risida”gi Qonun talablari buzilish alomatlari yuzasidan bir necha telekanallariga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror qabul qilinib, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Ma’lumot o‘rnida: “Reklama to‘g‘risida”gi Qonuning 27-moddasiga muvofiq, telekanallar efirida tarqatilayotgan reklamaning (shu jumladan teledo‘kon reklamasi kabi reklamaning) umumiy davomiyligi ko‘rsatuv vaqtining bir soati davomida yigirma foizdan, biroq bir sutkada ko‘rsatuv vaqtining o‘n besh foizidan oshishi mumkin emasligi belgilangan.

Yuqoridagi holatlar yuzasidan boshqa telekanallar faoliyati bo‘yicha ham o‘rganishlar olib borilmoqda.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.