Futzal bo‘yicha JChda o‘yin kelishilgani haqidagi shikoyatlardan so‘ng FIFA Fransiya va Eron uchrashuvini tekshirishni boshladi
Xalqaro futbol federatsiyasi futzal bo‘yicha О‘zbekistonda bo‘lib o‘tayotgan jahon chempionati doirasida Fransiya va Eron o‘rtasidagi o‘yinning kelishilgani yoki kelishilmaganini aniqlash maqsadida uni tekshirishni boshladi, deb yozadi TASS.
FIFA ushbu uchrashuvga turnir ishtirokchilarining shikoyatlari tufayli qiziqish bildirgan. « F» guruhi 3-turidan o‘rin olgan uchrashuv 4:1 hisobida Eron foydasiga hal bo‘lgan. Jamoalarning fikricha, Fransiya terma jamoasi setkaning qulayroq qismiga chiqish va jahon reytingi yetakchisi – Braziliya termasi bilan uchrashmaslik uchun ataylab mag‘lub bo‘lgan.
“Futzal bo‘yicha jahon chempionatida ishtirok etuvchi jamoalar tomonidan «F» guruhidan o‘rin olgan Fransiya va Eron o‘rtasidagi o‘yin yuzasidan berilgan shikoyatlardan xabardormiz. Jarayon davom etar ekan, boshqa izoh berilmaydi”, – deyiladi FIFA bayonotida.
Fransiya terma jamoasi guruhda ikkinchi o‘rinni egalladi va 1/8 finalda Tailand termasi bilan uchrashadi. Eron terma jamoasi kvartetda birinchi bo‘ldi, endi u Marokash jamoasiga qarshi bahs olib boradi. Agar eronliklar marokashliklarni mag‘lub etsa, chorak finalda Braziliya bilan uchrashadi.
О‘zbekistonda futzal bo‘yicha jahon chempionati 14-sentyabrdan 6 oktyabrgacha bo‘lib o‘tadi.
Sharhlar