Imtiyoz uchun kran yoshi 7 yilga yilga yashartirildi

Foto: videodan nusxa

Toshkent shahar bojxona boshqarmasining “Arkbuloq” bojxona postida xorijdan keltirilgan, hujjatlarga ko‘ra 2021-yilda ishlab chiqarilgan deya ko‘rsatilgan, yuk ko‘tarish qobiliyati 50 tonnani tashkil etuvchi avtokran belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.

Ko‘rik davomida, avtotransport vositasiga tushirilgan ishlab chiqarilgan yiliga doir yozuvlar qo‘lbola tarzida o‘zgartirilgani, shuningdek transport vositasi qismlarida qayta bo‘yash belgilari mavjudligi aniqlandi. Shubhalarni esa, O‘zbekiston Respublikasi IIV Ekspert-kriminalistika Bosh markazi tomonidan o‘tkazilgan ekspertiza xulosasi ham tasdiqladi. Ya’ni, transport vositasi hujjatlarda ko‘rsatilganidek, 2021-yilda emas, aksincha 2014-yilda ishlab chiqarilganligi aniqlandi,

Natijada, qiymati 1,5 mlrd. so‘mlik mazkur transport vositasiga nisbatan bojxona to‘lovlaridan hisoblangan 1 mlrd. 18 mln. so‘mlik imtiyozlar bekor qilindi.

Hozirda avtotransport vositasi vaqtincha saqlovga olinib, holat yuzasidan tekshiruv va surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-iyundagi 352-sonli qaroriga asosan kon-metallurgiya, neft-gaz va kimyo sanoatida foydalaniladigan avtokranlar uchun bojxona boji va qo‘shilgan qiymat solig‘idan imtiyoz berilishi nazarda tutilgan.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.