Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirildi
2-sentabr kuni davlat tashkilotlari vakillari, Toshkent shahri jamoatchiligi Islom Karimovni yod etish uchun yig‘ildi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati yozmoqda.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev bu yerga tashrif buyurib, Birinchi Prezidentimiz haykali poyiga gulchambar qo‘ydi.
Islom Karimov mamlakatimiz mustaqilligini e’lon qilgan va uni taraqqiyot yo‘liga olib chiqqan yetakchidir. Davlatimiz rahbari Mustaqillik bayramidagi nutqida buning tarixiy ahamiyatini alohida ta’kidladi:
“Aynan mustaqillik tufayli milliy davlatchiligimiz qayta tiklandi. O‘zbekiston yangi tarixiy davrga qadam qo‘ydi. Aynan istiqlol tufayli jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egalladik”.
Shunday qutlug‘ kunda davlatimiz mustaqilligi uchun kurashgan va unga xizmatlari singgan vatanparvar insonlar xotirasini minnatdorlik bilan yodga olishimiz tabiiydir. Birinchi Prezidentimiz tarixning tub burilish pallasida, og‘ir davrda mamlakatimizga rahbarlik qilgan edi.
Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasida Qur’on tilovat qilindi. Birinchi Prezidentimizning yurtimizda tinchlik va barqarorlikni saqlash, aholi turmushini yaxshilash borasidagi xizmatlari yodga olindi.
Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar, jamoatchilik vakillari ham Birinchi Prezidentimiz haykaliga gullar qo‘ydi.
Xotira tadbirlari Samarqand va Qarshi shaharlarida ham bo‘lib o‘tdi.
Sharhlar