Jazodan qochib yurgan 422 nafar shaxs jazoni o’tash muassasaiga qaytarildi
Jazo o‘tashdan bo‘yin tovlab yashirinib yurganligi sababli qidiruv e’lon qilingan 422 nafar shaxs ushlanib, tegishli tartibda jazoni ijro etish muassasalariga qaytarildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi.
Joriy yilning 23-iyul kunidan 23-avgust kuniga qadar Respublika miqyosida “Probatsiya oyligi” e’lon qilinib, probatsiya nazorati ostidagi shaxslarning qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularni ijtimoiy hayotga moslashuvi borasidagi tadbirlarni kuchaytirish, mavjud muammolarini aniqlash va bartaraf etish hamda turmush darajasini yaxshilash maqsadida kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqilib, amaliyotga joriy qilindi.
2024-yil 1-avgust holatiga ko‘ra, probatsiya bo‘linmalari nazorat ostida jami 85 709 nafar shaxs hisobga olingan bo‘lib shulardan:
- 26 757 nafari axloq tuzatish ishlari;
- 1 813 nafari shartli hukm qilinganlar;
- 8 889 nafari muayyan huquqdan mahrum qilinganlar;
- 17 309 nafari ozodlikni cheklash;
- 84 nafari majburiy jamoat ishlari;
- 30 857 nafari muddatidan ilgari shartli ozod qilinganlar jazosiga tayinlanganlar.
Nazoratdagi shaxslar tuzalish yo‘liga o‘tgan, jinoyat sodir etishga moyil hamda jinoyat sodir etish xavfi yuqori kabi toifalarga ajratilib, ular tomonidan qayta jinoyat sodir etish xavfini aniqlash maqsadida, jami 64 667 nafar nazoratdagi shaxslarning ijtimoiy psixologik portreti tuzilgan va tarbiyaviy-profilaktik ta’sir choralari ko‘rilgan.
O‘tgan 7 oy yakuni bo‘yicha probatsiya bo‘linmalari tomonidan jami 53 144 nafar shaxslar hisobdan chiqarilgan. Jazo o‘tashdan bo‘yin tovlab yashirinib yurganligi sababli qidiruv e’lon qilingan 422 nafar shaxslar ushlanib, tegishli tartibda jazoni ijro etish muassasalariga qaytarilgan.
Sharhlar