Jizzaxda 5 ming dollar pora bilan ushlangan IIB vaqtincha saqlash hibsxonasi boshlig‘i qamaldi

Avvalroq, Jizzaxda IIB vaqtincha saqlash hibsxonasi boshlig‘i $5 ming pora bilan ushlangani va holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilayotgan edi.

Maʼlum qilinishicha, Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani IIB Vaqtincha saqlash hibsxonasi boshlig‘i hozirda ayblov eʼlon qilinib, mazkur hibsxonada saqlanayotgan shaxsga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqayotgan sudya tomonidan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlanishida yordam berish evaziga 10 ming AQSH dollari talab qilgan.

DXX xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, u so‘ralgan puldan 5 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ushlangan.

Holat yuzasidan sud ishi JIB Forish tumani sudida ko‘rib chiqildi.

Sud hukmiga ko‘ra, sudlanuvchi JKning bir nechta moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga nisbatan 2 yil 6 oy muddatga IIV tizimidagi mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib,  6,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.