Zelenskiy Ukraina Qrimdagi aerodromga qilingan hujumga aloqador ekanini bildirdi

Foto: Reuters

Ukraina Qurolli kuchlari Rossiyaning Jankoydagi harbiy obyektiga zarba berdi, nishon aerodrom bo‘lgan, deya ma’lum qildi Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘z Telegram-kanalida.

Qrim hukumati va Rossiya Mudofaa vazirligi Jankoydagi harbiy aerodromga berilgan zarba haqida xabar qilmadi. 17-aprel kuni ertalab Qrimdagi Podebnoye qishlog‘i yaqinidagi Jankoy—Feodosiya avtomobil yo‘lining bir qismi yopib qo‘yildi, ammo sabablar ochiqlanmadi. Ushbu qishloq Jankoyga yaqin bo‘lib, shahar bilan uning o‘rtasida harbiy aerodrom joylashgan.

Eslatib o‘tamiz, 17-aprelga o‘tar kechasi Qrimda portlash ovozlari eshitilgan, mahalliy aholi harbiy aerodrom hududidagi yong‘in haqida xabar bergan edi. Ushbu aerodromda Rossiya Harbiy-havo kuchlari vertolyot polki, Janubiy harbiy okrugning havo hujumiga qarshi mudofaasi, uchta aviatsiya eskadrilyasi joylashgan.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.