Putin auditorni Rossiya mudofaa vaziri o‘rinbosari etib tayinladi

Foto: AP

Vladimir Putin Rossiya mudofaa vaziri o‘rinbosari, vazirlik apparati rahbari lavozimiga Oleg Savelyevni tayinladi, deb yozadi Meduza.

Shu paytgacha Savelyev Hisob palatasi auditori bo‘lib ishlagan. 2014—2015-yillarda u Rossiyaning Qrim ishlari bo‘yicha vaziri lavozimini egallagan. Shundan keyin bu lavozim bekor qilingan. Savelyev 2014-yildan AQSH sanksiyalari ostida bo‘lib, keyinroq Yevroittifoq, Ukraina, Avstraliya, Kanada sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan.

Undan avval 2008-yildan boshlab esa Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri o‘rinbosari bo‘lgan.

Savelyev Rossiyaning yangi mudofaa vaziri Andrey Belousovning birinchi o‘rinbosariga aylandi.

Rossiya Mudofaa vazirligi apparati rahbari lavozimini egallab kelgan general-polkovnik Yuriy Sadovenko iste’foga chiqarildi. U Sergey Shoyguning eng yaqin maslakdoshi hisoblanib, uning rahbarligi ostida 2002-yildan Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Mudofaa vazirligida ishlagan.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.