Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi Sankt-Peterburg shahrida MDH Parlamentlararo Assambleyasi (PA) Kengashining yig‘ilishida ishtirok etdi.
Kengash yig‘ilishida Hamdo‘stlik mamlakatlaridagi saylov jarayonlarini monitoring qilishga katta eʼtibor qaratildi. Xususan, Rossiya va Ozarbayjondagi prezidentlik saylovlari hamda Belarusdagi parlament saylovini monitoringida Parlamentlararo Assambleya xalqaro kuzatuvchilari faoliyati ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish ishtirokchilari MDH PAning siyosiy masalalar va xalqaro hamkorlik hamda mudofaa va xavfsizlik masalalari bo‘yicha doimiy komissiyalarining faoliyati to‘g‘risidagi maʼlumotlarni tingladilar.
Parlament aʼzolari milliy delegatsiyalarning barcha mulohazalarini inobatga olgan holda MDH Parlament Assambleyasida kuzatuvchi maqomi to‘g‘risidagi nizom loyihasini ham maʼqulladilar. Shuningdek, bir qator boshqa hujjatlar ham tasdiqlandi.
O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari MDH PA xalqaro kuzatuvchilarini joriy yilning oktyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga bo‘lib o‘tadigan saylovlarni kuzatib borishda ishtirok etishga taklif qildi.
Sharhlar