Mirobod tumanidagi gastranomik alleyaning 1-bosqichi yakunlanishi kechiktirildi
Taras Shevchenko ko‘chasidagi gastronomik alleyani barpo etish bo‘yicha ishlarning birinchi bosqichini yakunlash muddati 10-oktabrga ko’chirildi.
Gastronomik ko‘cha bo‘ylab 6 ta foto-zona barpo etilgan, 39 ta kichik va 17 ta katta torsherlar o‘rnatilgan, 1 ta avtobus bekati qurilgan, 39 ta videokuzatuv kameralari va yuzni tanish tizimlari, 20 ta o‘rindiq va axlat qutilari o‘rnatilgan hamda wi-fi tarqatish tizimlari montaj qilingan.
Shuningdek, poytaxt aholisi va mehmonlariga qulaylik yaratish maqsadida qariyb 3000 kv.m piyodalar yoʻli barpo etildi, qatnov yo‘lining asosiy qismi (2600 kv.m) esa tabiiy granit toshdan terildi.
Hududni obodonlashtirish ishlari dastavval sentabr oyida yakunlash rejalashtirilgan edi.
Obodonlashtirish ishlari davomida yo‘lning asfalt qoplamasini tabiiy granit toshga almashtirish qarori qabul qilingani tufayli loyihaning birinchi bosqichini yakunlash muddati oktabr oyining boshiga ko‘chirildi.
Ayni paytda hududda ko‘kalamzorlashtirish, ya’ni yashil zonalarni barpo etish bo‘yicha ishlar jadal davom etmoqda – alleya bo‘ylab 30 tupga yaqin manzarali daraxt ko‘chatlari ekilmoqda.
“Shu munosabat bilan Taras Shevchenko ko‘chasidagi gastronomik alleyani barpo etish bo‘yicha birinchi bosqich ishlari 10-oktabr sanasida yakunlanishini va shu sanadan ikkinchi bosqich ishlariga start berilishini ma’lum qilinadi”, – deyiladi xabarda.
Bu yerda joylashgan tadbirkorlik subyektlari 24 soatlik ish rejimiga faoliyat yuritadi va yo‘lning o‘zi kechki soat 20:00 dan tonggi 06:00 gacha avtomobillar uchun yopiladi va piyodalar hududiga aylanadi.
Taras Shevchenko ko‘chasida gastronomik alleyani barpo etish bo‘yicha ishlar to‘liq yakunlanganidan so‘ng ushbu manzilda transport qatnovi yuqorida ko‘rsatilgan vaqtlarda qayta yo‘lga qo‘yiliadi.
Sharhlar