Navoiyda paxta-2024 mavsumiga start berildi
Navoiy viloyati Qiziltepa tumanining O‘rtacho‘l hududida uzoq yillardan buyon samarali faoliyat yuritib kelayotgan, Ra’no Valiyeva rahbarligidagi “Valiobod” fermer xo‘jaligi dala shiyponida paxta terimi mavsumi oldidan amaliy seminar o‘tkazildi.
Amaliy seminarda viloyat hokimi Normat Tursunov, tuman hokimi Bekzod Bobomurodov, qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari, hududdagi fermerlar ishtirok etishdi. Terim oldidan so‘zga chiqqanlar hosilning barakali bo‘lishini va barcha fermerlar zimmalaridagi rejalarni ortig‘i bilan bajarishlarini tilashdi.
Shundan so‘ng qiziltepalik fermerlar tomonidan xarid qilingan 10 ta paxta terim kombaynlari yordamida “Paxta-2024” terim mavsumiga start berildi.
Ma’lumot uchun, joriy yilda Qiziltepa tumanida faoliyat yuritayotgan 238 ta fermer xo‘jaliklarining 7100 gektar maydonlarida paxta yetishtirilgan.
Seminar davomida hududda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining arzonlashtirilgan yarmarkasi, shuningdek, viloyatning qishloq xo‘jaligi salohiyatini ko‘rsatib beruvchi – yilqichilik, qoramolchilik, baliqchilik kabi sohalar yutuqlari namoyishi tashkillashtirildi.
Sharhlar