Ukraina Rossiya neft zavodlariga hujumlar qanday natijalar berganini ma’lum qildi
Ukraina Xavfsizlik xizmati (UXX) rahbari Vasiliy Malyuk Rossiya hududidagi neftni qayta ishlash zavodlariga berilgan so‘nggi zarbalarni izohladi.
“Dushman hududiga bir qator muvaffaqiyatli zarbalar berildi. Ta’kidlab o‘tish kerakki, aynan neft mahsulotlari eksporti hisobidan Rossiya o‘z budjetini to‘ldirmoqda: bu ularning budjetining uchdan bir qismi va harbiy budjetning ham katta qismi”, — dedi u ICTV kanaliga bergan intervyusida.
“Budjetga kirimlarni maksimal darajada kamaytirish va avtomatik ravishda janob Putinga boradigan kislorodni to‘sish kerak. Operatsiyalar uzoq masofali dronlar yordamida o‘tkazilmoqda. Biz neft qazib olishni ham, qayta ishlashni ham allaqachon 12 foizga qisqartirdik”, — deya qo‘shib qo‘ydi u.
Shuningdek, Malyuk eslatishicha, mart boshidan buyon Rossiya benzin eksportini to‘liq to‘xtatgan. Bu orada UXX Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga 13 marta muvaffaqiyatli hujumlarni amalga oshirgan.
Avvalroq Ukraina harbiy razvedkasi 2022-yildan buyon Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga kamida 12 marta hujum qilingani (2024-yilda kamida 9 marta) haqida xabar bergandi. Ikki hafta avval Kiyev ikki marta dronlar yordamida eng yirik hujumlarni amalga oshirdi, natijada ketma-ket bir necha kun ichida Rossiyaning yettita energetika ob’ektiga muvaffaqiyatli zarbalar berildi.
Shundan keyin AQSh hukumati Ukrainani Rossiya energetika infratuzilmasiga hujumlarni bas qilishga chaqirgani ma’lum bo‘ldi.
Sharhlar