Qashqadaryo va Sirdaryoda noqonuniy dori vositalari savdosiga chek qo‘yildi
Davlat xavfsizlik xizmatining Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda bojxona organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Yakkabog‘ tumanida yashovchi, 1996-y.t. shaxs «Banksef», «Zanasef», «Gansef» va «Gandsef» nomli jami 3.767 dona dori vositalarini 54 mln. so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
U dori vositalarini mazkur tumanda yashovchi, 1996-y.t. fuqarodan olganligi aniqlanib, ushbu shaxs ham muqaddam sotgan dorilari uchun 26 mln. so‘m olgan vaqtida ushlandi. Shuningdek, uning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda, tegishli hujjatlari bo‘lmagan, umumiy bahosi 1 mlrd. 307 mln. so‘mlik jami 14.909 dona dori vositalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi xulosalariga ko‘ra, ushbu dori vositalari – tibbiyotda qo‘llanilishiga ruxsat etilgan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar davlat ro‘yxatidan o‘tmaganligi ma’lum bo‘ldi.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan bojxona organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan yana bir tezkor tadbirda esa Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida yashovchi fuqaroning xonadoni ko‘zdan kechirildi. Natijada, xonadonda Xitoy davlatida ishlab chiqarilgan, tegishli hujjatlari bo‘lmagan va sifati kafolatlanmagan, umumiy qiymati 593 mln. 142 ming so‘mlik 49.020 dona flakonda “Ampisul” nomli dori vositalari borligi aniqlandi hamda ularning egasi hisoblangan, Toshkent viloyatining Bekobod shahrida yashovchi, 1990-y.t. shaxs qo‘lga olindi.
Shuningdek, tergovga qadar tekshiruv davomida, ushbu dori vositalarini Farg‘ona viloyatida yashovchi, 1990 va 1994-yillarda tug‘ilgan 2 nafar fuqaro Tojikiston Respublikasidan bojxona nazoratini chetlab o‘tib, olib kelganliklari aniqlanib, ular ham ushlandi.
Hozirda har ikki holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Sharhlar