O‘zbekiston milliy valyutasi so‘m – 30 yoshda
Bugun o‘zbek milliy valyutasi so‘m qabul qilinganiga 30 yil to‘ldi. Markaziy bank tomonidan 1991-1993 yillar davomida milliy valyutani muomalaga kiritish uchun juda ko‘p izlanishlar olib borildi, xorijiy mamlakatlar tajribasi o‘rganildi. 1993 yilning 15 noyabridan boshlab to‘lov vositasi sifatida “So‘m-kupon” muomalaga kiritildi. Pul islohotini amalga oshirish borasida ma’lum tajribaga ega bo‘lish uchun “So‘m-kupon” o‘tish valyutasi sifatida xizmat qildi.
⏺Ushbu yo‘nalishda yetarli tajriba to‘plangach, 1994 yil 1 iyuldan boshlab O‘zbekiston Respublikasi milliy valyutasi “so‘m” muomalaga kiritildi. Dastlab 1, 3, 5, 10, 25, 50, 100, 200 (1997 yil), 500 (1999 yil) va 1000 so‘mlik (2001 yil) pullar birin-ketin muomalaga kiritildi.
⏺Markaziy bank tomonidan yillar davomida pul sifatini yaxshilash, xavfsizligini oshirish va dizayni borasida tinimsiz izlanishlar olib borildi.
⏺2018 yilda ixcham va yengilroq vaznda yangi dizayndagi tanga pullar – 50, 100, 200 va 500 so‘mlik pullar chiqarildi. Yangi dizayndagi 1000 so‘mlik tanga esa 2022 yilda muomalaga kiritildi.
“Naqd pulga doir islohotlarning davomi sifatida banknotlarning yangi dizayni ishlab chiqildi. 2021 yilda 2 000, 5 000, 10 000, 20 000, 50 000, 100 000 so‘mlik va 2022 yilda 200 000 so‘mlik qiymatdagi yangi banknotlar xalqimizga taqdim etildi”, – deyiladi xabarda.
Ushbu banknotlar qog‘oz sifati, himoya qatlamlari borasida eskilaridan ancha farq qiladi. Pullarning dizaynida “Buyuk Ipak yo‘li” va mamlakatimizning tarixiy shaharlari mavzusi aks ettirildi.
Milliy valyuta davlatning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlovchi, uning o‘zligini aks ettiruvchi, dunyoga tanituvchi muhim davlat ramzi hisoblanadi. Davlat ramzlariga hurmat bilan muomalada bo‘lish, avvalo, o‘sha xalqning o‘ziga bo‘lgan yuksak e’tiborini ifodalaydi.
Milliy valyutamiz – so‘m mamlakatda mustaqil pul-kredit siyosatini yuritish, iqtisodiyotda hisob-kitoblarni amalga oshirish imkoniyatini yaratdi. Ish haqi va ijtimoiy to‘lovlar so‘mda to‘lana boshladi. Shu tariqa davlatning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlovchi mustaqil pul-kredit siyosati shakllantirildi.
Sharhlar