Navalniyning jasadi yorib ko‘rilib, o‘rganilgan

Foto: AP

Siyosatchi Aleksey Navalniyning jasadi tergov tomonidan yorib ko‘rilgan. Bu haqdagi ma’lumotni uning matbuot kotibi Kira Yarmish tasdiqladi, deb yozadi Meduza.

“Ha. Sabablar keltirilgan tibbiy xulosa tayyor”, — deb yozdi Yarmish jurnalistlarning jasad yorib ko‘rilgan-ko‘rilmagani haqidagi savoliga javoban.

Yarmishning so‘zlariga ko‘ra, tergovchilar “dafn marosimi maxfiy ravishda, ovloqda, ommaviy vidolashuvsiz o‘tishi uchun” siyosatchini dafn etish jarayonini o‘zlari amalga oshirmoqchi.

Shu bilan birga, u qayd etishicha, Tergov qo‘mitasi xodimlari “juda ko‘p shartlar qo‘ymoqda va ular doimiy ravishda o‘zgarmoqda”.

Avvalroq Aleksey Navalniyning onasiga siyosatchining jasadi ko‘rsatilgani, unga shantaj qilib, Alekseyni qayerda, qachon va qanday dafn qilish kerakligi haqida shart qo‘yishgani ma’lum bo‘lgandi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.