O‘zbekiston “uglerodli moliyalashtirish” ko‘rinishida 7,5 mln dollar mablag‘ oldi
O‘zbekiston energetika sohasida havoga zararli moddalar tashlanishlarini kamaytirish bo‘yicha hukumat siyosatini qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida Jahon bankidan samaradorlikka qarab to‘lov olgan dunyodagi birinchi davlat bo‘ldi. Bu Jahon bankining mamlakatga energiya samaradorligini oshirish, energiya subsidiyalarini qisqartirish va toza energiya manbalariga o‘tishga ko‘maklashuvchi birinchi shu turdagi loyihasi bo‘lgan “O‘zbekistonning energetika sektorini o‘zgartirish uchun innovatsion uglerodli moliyalashtirish” (iCRAFT) loyihasi doirasida amalga oshirildi.
Xususan, iCRAFT loyihasi doirasida 500 ming tonna karbonat angidrid gazi chiqindilarini muvaffaqiyatli qisqartirish natijasida Jahon bankining uglerodli aktivlari o‘zgartirish jamg‘armasi (TCAF) O‘zbekistonga 7,5 million dollar miqdorida grant ajratdi. Ushbu natijalar uchinchi taraf tomonidan mustaqil ravishda tasdiqlangan.
Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli mamlakatni ushbu muhim yutug‘i bilan tabrikladi: “Mazkur tashabbus dunyoda birinchi bo‘lib energetika sohasida hukumat islohotlarini qo‘llab-quvvatlash uchun iqlimiy moliyalashtirishdan foydalaniladi. iCRAFT loyihasi O‘zbekistonga xalqaro uglerod bozorlarida issiqxona gazlari chiqindilari savdosi bo‘yicha individual operatsiyalardan ushbu sohada dasturiy (tizimli) yondashuvga o‘tishda yordam berishga qaratilgan. Umid qilamizki, ushbu pilot loyiha milliy iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida ham islohotlar o‘tkazish uchun namuna bo‘lishi, shuningdek, dunyoning boshqa mamlakatlarida ham shunday amaliyotni joriy etishda namuna bo‘lib xizmat qilishi mumkin”.
O‘zbekiston hukumati iCRAFT loyihasi orqali olingan mablag‘larning bir qismini elektr va gaz tariflarining so‘nggi o‘zgarishlari tufayli farovonligi yomonlashgan oilalarga moliyaviy yordam ko‘rsatish uchun ishlatish majburiyatini oldi. Bundan tashqari, loyiha mablag‘lari O‘zbekistonning yashil iqtisodiyotga o‘tish va energetika sohasini isloh qilish bo‘yicha davlat dasturini amalga oshirishga hissa qo‘shadi.
O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari, Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov iqlimni moliyalashtirish bo‘yicha kelishuv muhimligini ta’kidladi: “O‘zbekiston iCRAFT loyihasi doirasida olgan birinchi to‘lov energiya subsidiyalarini qisqartirish va energiya xarajatlarini qoplash yo‘lidagi muhim qadamdir. Bu, shuningdek, hukumatning iqtisodiy o‘sish va qashshoqlikni kamaytirishga yordam beradigan yashil iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha kengroq sa’y-harakatlariga hissa qo‘shadi”.
Iqtisodiyot va Moliya vazirligi hamda Energetika vazirligi O‘zbekistonda energetika sohasini isloh qilish, energiyani tejash va atmosferaga tashlanadigan karbonat angidrid chiqindilarini kamaytirishga ko‘maklashish uchun mas’ul hisoblanadi.
“iCRAFT innovatsion loyihasi doirasida “uglerodli moliyalashtirish” (CO2 ga ekvivalent tonnalarda o‘lchanadigan issiqxona gazlari emissiyasini kamaytirish) deb ataladigan mablag‘ni olish orqali O‘zbekiston iqtisodiy jihatdan toza energiyaga o‘tish jarayonini tezlashtiradi. Loyiha, shuningdek, xalqaro uglerod bozorlaridagi tranzaktsiyalarda faol ishtirok etuvchi mamlakatning mintaqaviy yetakchi rolini mustahkamlashga yordam beradi”, — deydi O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamaxmudov.
iCRAFT loyihasi O‘zbekiston hukumatiga tegishli infratuzilma, tizimlar, mexanizmlar va hujjatlarni ishlab chiqishda ham yordam beradi, bu esa mamlakatni boshqa xalqaro hamkorlar va xususiy investorlar ko‘magida kelajakda xalqaro uglerod bozorlarida tranzaktsiyalarni amalga oshirish uchun shunga o‘xshash tashabbuslarni amalga oshirishga tayyorlaydi.
iCRAFT loyihasi mamlakatning Parij kelishuvining 6-moddasi bo‘yicha majburiyatlari bajarilishini monitoring qilish, hisobot berish va tekshirish mexanizmini ishlab chiqishga yordam beradi. Yuqorida tilga olingan xalqaro shartnomaning maqsadi dunyoda issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish orqali global haroratning oshishini cheklashdan iborat.
iCRAFT loyihasi, shuningdek, O‘zbekistonning iqlim o‘zgarishiga global javob berish bo‘yicha Parij kelishuvi doirasida milliy darajada hissa (NDC) qo‘shish maqsadlariga erishish uchun iqlim o‘zgarishiga javob reaksiyasini ko‘rsatish jarayonlarida faol ishtirok etishiga yordam beradi.
Loyihani amalga oshirishda Iqtisodiyot va Moliya vazirligi, Energetika vazirligidan tashqari O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Gidrometeorologiya xizmati agentligi (O‘zgidromet) ham ishtirok etmoqda.
Yuqoridagi to‘lov O‘zbekiston hukumati va Jahon banki o‘rtasida iCRAFT loyihasi shafeligida tuzilgan Emissiyalarni qisqartirish bo‘yicha to‘lov to‘g‘risidagi Bitim doirasida kutilayotgan bir qancha transhlarning birinchisidir. Kelishuvga ko‘ra, mamlakat energetika sektorini isloh qilish natijasida mustaqil tasdiqlangan emissiyalarni kamaytirish uchun 20 million dollargacha grant mablag‘lari yoki “uglerodli moliyalashtirish” olishi mumkin bo‘ladi.
iCRAFT loyihasini amalga oshirish davomida O‘zbekiston 60 million tonna karbonat angidrid gazi chiqindilarini kamaytirishni rejalashtirmoqda. Shundan 2,5 million tonnaga yaqin karbonat angidrid gazi loyiha doirasida mamlakatdan xarid qilinadi. O‘zbekiston iCRAFT loyihasini amalga oshirish jarayonida yaratilgan va sinovdan o‘tkazilgan tizim va mexanizmlar yordamida qolgan uglerod birliklarini xalqaro uglerod bozorlarida sotishi mumkin bo‘ladi.
Sharhlar