Rossiya oyiga 250 mingta snaryad ishlab chiqarmoqda. Bu AQSH va Yevroittifoq Ukrainaga yubora oladigan yordamdan uch marta ko‘p

Фото: РИА

NATO mamlakatlari razvedkasi hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiya oyiga 250 mingta, yiliga 3 millionga yaqin artilleriya snaryadlarini ishlab chiqarmoqda, deb xabar beradi CNN telekanali.

Ayni vaqtda telekanal Yevropa razvedka xizmatlari yuqori mansabli vakiliga tayanib ma’lum qilishicha, AQSH va Yevroittifoq korxonalari Ukrainaga ko‘pi bilan 1,2 millionta snaryad yetkazib berish quvvatiga ega.

Nashr manbalariga ko‘ra, ayni vaqtda Rossiya kuniga 10 mingga yaqin snaryad otmoqda — taqqoslash uchun, Ukraina frontda taxminan 2 mingta snaryad qo‘llamoqda.

Ukraina g‘arblik ittifoqdoshlaridan zamonaviy qurol tizimlarini olgan, ammo harbiy tahlilchilar fikricha, nizoda kim ko‘proq artilleriya snaryadlarini ishlatsa, o‘sha g‘olib chiqishi mumkin.

NATO vakili aytishicha, Rossiya o‘zining snaryadlar ishlab chiqarish bo‘yicha zavodlari faoliyatini kecha-yu kunduz rejimida ushlab turibdi, har 12 soatlik smenadan keyin ishchilar almashmoqda. Ayni paytda Rossiya mudofaa sektorida qariyb 3,5 million kishi ishlamoqda, urushdan oldin esa ularning soni 2—2,5 millionga yetgan.

Bundan tashqari, Rossiya Eron va Shimoliy Koreyadan ham snaryadlar olmoqda.

“Ishlar uncha yaxshi ketmayapti, ammo vaziyat bundan keyin nimalar bo‘lishiga bog‘liq, — dedi manbalardan biri. — Agar yordam qayta tiklansa, va tezkorlik bilan kelib tusha boshlasa, demak hali umid bor, degani”.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.