Rossiya dronlari Odessa va Xarkovga hujum qildi

Foto: Getty Images

Rossiya qo‘shinlari 11-martga o‘tar kechasi Ukrainaga “Shahed” dronlari bilan hujum qildi. Bu haqda Ukraina qurolli kuchlari (UQK) Bosh shtabi xabar berdi. UQK ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya jami 25 ta uchuvchisiz uchar qurilma qo‘llagan. Ukraina havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlari 15 ta dronni urib tushirgani aytilmoqda.

Odessa viloyati osmonida 10 ta dron urib tushirilgan. U yerda infratuzilma obyekti nishonga olingan va ma’muriy binolarga zarar yetgan. Zarba to‘lqinidan xususiy uylar derazalari sinib ketgan, dronlar parchalari xo‘jalik inshootlarini vayron qilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, jabrlanganlar yo‘q.

Xarkovda dronlar hujumi oqibatida ikkita ko‘p xonadonli uy, mehmonxona binosi, infratuzilma obyekti va kommunal muassasa binosiga zarar yetgan. Hukumat xabarlariga ko‘ra, hech kim jabrlanmagan.

Rossiya va Ukraina to‘liq ko‘lamli urush chog‘ida uchuvchisiz uchar qurilmalardan faol foydalanmoqda. Rossiya Mudofaa vazirligi xabar berishicha, 11-marta o‘tar kechasi havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlari Orlov va Bryansk viloyatlarida Ukrainaning to‘rtta dronini urib tushirgan.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.