O‘zbekiston va Qozog‘iston Sudyalar oliy kengashi o‘rtasida hamkorlik Memorandumi imzolandi
O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi va Qozog‘iston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzolandi.
Ushbu hujjatda do‘stona munosabat va hamkorlikni yanada chuqurlashtirish ko‘zda tutilgan. Jumladan, sudyalar mustaqilligi va daxlsizligini takomillashtirish, sudya kadrlarni tayyorlash bo‘yicha umumiy faoliyatga doir o‘quv dasturlarni amalga oshirish, qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish, tajribalar hamda axborot almashish, seminar va forumlar tashkil qilish va boshqa qator masalalar qamrab olingan.
O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashida Qozog‘iston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi delegatsiyasi bilan uchrashuvda ikki qardosh davlat o‘rtasidagi aloqalarning jadal rivoji barcha jabhalarda o‘z aksini topayotgani qayd etildi.
Mehmonlarga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlari, xususan, professional sudyalar korpusini shakllantirish, sudyalik lavozimiga nomzodlarni tayyorlash, ularni tanlash va lavozimga tayinlash bo‘yicha joriy etilgan ochiq va shaffof tizim, ularning huquqiy asoslari va amaliy natijalari haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Do‘stona va konstruktiv o‘tgan uchrashuvda mehmonlar yaqindagina Qozog‘iston Odil sudlov akademiyasi ushbu mamlakatning Oliy sudi tarkibidan Sudyalar oliy kengashi yurisdiksiyasiga o‘tkazilganini ma’lum qilib, O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi faoliyati, xususan, sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash borasidagi tajribalari bilan yaqindan tanishishga katta qiziqish bildirdi.
Sharhlar