Qozog‘istonda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari ogohlantirildi
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Qozog‘iston Respublikasida bo‘lib turgan va tranzit yo‘nalishida harakatlanayotgan O‘zbekiston fuqarolarini ogohlantirdi.
“Qozog‘iston Respublikasining turli hududlarida mehnat faoliyatini amalga oshirib, vatanga qaytish vaqtida ishonchsiz avtotransport vositalari va haydovchilar xizmatidan foydalanmaslik so‘raladi”, — deyiladi xabarda.
Aniqlanishicha, avtohalokatlarning asosiy qismi, nosoz avtomobil yoki tajribaga ega bo‘lmagan haydovchilar tufayli sodir bo‘lmoqda.
Shu munosabat bilan, ushbu davlatda bo‘lib turgan hamda katta trassalarda harakatlanayotgan O‘zbekiston fuqarolaridan yo‘llarda harakatlanishda barcha xavfsizlik qoidalariga qatʼiy rioya qilish, xavfsiz transport vositalaridan foydalanish, ishonchli avtotransport vositasi va haydovchilar xizmatidan foydalanish tavsiya etildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonning Chimkent shahrida o‘zbekistonliklar o‘tirgan miniven va yengil avtomobil ishtirokida yuz bergan YTHda yetti kishi jabrlanib, bir kishi halok bo‘lgan edi.
Sharhlar