Oʻzbekiston TIVga Yaponiya elchisi Xatori Takashi tashrif buyurdi
Bugun O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga Yaponiya elchisi Xatori Takashi tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Elchi Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kishidaning 10-11 avgust kunlariga mo‘ljallangan O‘zbekistonga tashrifi qoldirilgani haqidagi rasmiy notani topshirdi.
“Dunyo” AA uchun bergan intervyusida elchi Xatori Takashi vaziyatga quyidagicha izoh bergan:
“8 avgust kuni kechqurun Miyadzaki prefekturasi qirg‘oqlarida 7,1 magnitudadan ortiq zilzila sodir bo‘ldi, shundan so‘ng mavjud vaziyat jiddiyligidan kelib chiqib, favqulodda choralar ko‘rilmoqda. Yaponiya meteorologiya xizmati birinchi marta yirik zilzila ehtimoli oshishi haqida ogohlantirdi. Yaponiya hukumati zararning kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish uchun tabiiy ofatlarni boshqarish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi”.
Ta’kidlanishicha, bir hafta ichida olti balldan ortiq zilzila sodir bo‘lish ehtimoli oshgan, bunga qarshi Yaponiya hukumati yetkazilgan zararlar haqida ma’lumot to‘plashni davom ettirmoqda va zudlik bilan zilzila sodir bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirish darajasini oshirmoqda.
Mazkur favqulodda vaziyatda Bosh vazir Fumio Kishida “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti sammitini va O‘zbekistonga tashrifini keyinga qoldirishga qaror qilishga majbur bo‘ldi. Qaror inqirozni boshqarish va inqirozga qarshi choralarni ta’minlash uchun qabul qilindi. Hozirgi favqulodda vaziyatni hisobga olsak, bu juda qiyin qaror. Yaponiya tomoni O‘zbekiston tomonining tushunishiga umid qilmoqda.
Elchi Yaponiya hukumatining Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, O‘zbekiston bilan munosabatlarni mustahkamlashga bo‘lgan kuchli istagi o‘zgarishsiz qolayotganini ham alohida ta’kidladi.
Yaponiya tomoni, shuningdek, tashrifni kechiktirishga majbur qilingan qarordan chuqur afsusda ekanini bildirib, O‘zbekistonga tashrifni imkon qadar tezroq amalga oshirish niyatini bildiradi.
Sharhlar