OTB O‘zbekistonda perinatal xizmatlarni yaxshilashga yordam beradi
Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekistonda perinatal sog‘liqni saqlash xizmatlarini yaxshilash uchun 100 million AQSh dollari miqdorida imtiyozli kredit ajratishni ma’qulladi. Bu haqda OTB matbuot xizmati xabar beradi.
OTBning Markaziy va G‘arbiy Osiyo bo‘yicha bosh direktori Yevgeniy Jukov shunday deydi: “OTB O‘zbekiston hukumatining ayollar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, onalar va neonatal o‘limni kamaytirish uchun yuqori sifatli perinatal tibbiy xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha majburiyatini qo‘llab-quvvatlaydi”.
O‘zbekistonda onalar o‘limi darajasi 2010-yilda har 100 000 tirik tug‘ilgan chaqaloqqa 38 tadan 2020-yilda 30 taga kamaygan bo‘lsa-da, Yevropa va Markaziy Osiyodagi o‘rtacha ko‘rsatkichlarga nisbatan yuqoriligicha qolmoqda. So‘nggi yillarda tug‘ilishning o‘sishi fonida neonatal o‘limning ko‘payishi ham kuzatilmoqda.
Integratsiyalashgan perinatal yordam loyihasi butun mamlakat bo‘ylab 230 ga yaqin perinatal markazni modernizatsiya qilishga qaratilgan. Loyiha markazlarni zamonaviy va energiya tejamkor tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash, klinik standartlar va protokollarni yangilash, tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish va sifat nazorati mexanizmlarini joriy etish imkonini beradi.
Bundan tashqari, loyiha perinatal yo‘llanma tizimini takomillashtirish, hayotni qutqaruvchi tibbiy yordamdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va tez yordam guruhlarini kuchaytirish, shuningdek, xavfni erta aniqlash va homiladorlik monitoringi uchun bemorlarning elektron yozuvlarini joriy etish imkonini beradi.
OTBning O‘zbekistondagi doimiy vakolatxonasi direktori Kanokpan Lao-Araya qo‘shimcha qildi: “OTB ko‘magi, shuningdek, hukumatga xabardorlikni oshirish va xatti-harakatlarni o‘zgartirish bo‘yicha maqsadli tadbirlarni amalga oshirishda yordam beradi, shuningdek, homilador ayollar va onalarni tibbiy xizmatlardan foydalanishga undash uchun doya va hamshiralarni o‘rgatadi”.
O‘zbekiston OTBga 1995-yilda a’zo bo‘lgan. O‘shandan beri bank mamlakatga 12,5 milliard AQSh dollari miqdorida kreditlar, grantlar va texnik yordam ko‘rsatdi.
Sharhlar