Ozarbayjon bilan madaniy almashinuv yanada kengayadi

Фото: president.uz

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11-iyun kuni Ozarbayjon madaniyati kunlarini o‘tkazish doirasida mamlakatimizda bo‘lib turgan Ozarbayjon Respublikasi madaniyat vaziri Adil Karimlini qabul qildi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati yozmoqda.

Uchrashuv avvalida Adil Karimli davlatimiz rahbariga Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning salomlari va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

“O‘zbekiston bilan Ozarbayjon o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini, shu jumladan ustuvor hisoblangan gumanitar sohadagi aloqalarni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi”, – deyiladi xabarda.

Mamlakatimiz yetakchisi so‘nggi yillarda madaniy almashinuv faollashganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Joriy yil boshidan buyon Boku shahrida O‘zbekiston ilm-fani va madaniyati kunlari, ko‘rgazma va “Lazgi” milliy baleti premerasi muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Bugun boshlangan Ozarbayjon madaniyati kunlari doirasida shoir va mutafakkir Muhammad Fuzuliy kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, ko‘rgazma, sahna asarlari namoyishlari va boshqa tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

“Yo‘l xaritasi” asosida faol muloqotni va tabirlarga boy madaniy dasturni davom ettirish, YUNЕSKO, TURKSOY va AYSЕSKO kabi xalqaro tashkilotlar doirasida qo‘shma tashabbus va loyihalarni ilgari surish muhimligi ta’kidlandi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.