O‘zbekiston karatechilari Tokiodagi xalqaro musobaqada 30 ta medalni qo‘lga kiritdi
Joriy yilning 2-4-avgust kunlari Tokio shahrida karate bo‘yicha “3rd World Koshiki Karate” xalqaro musobaqasi bo‘lib o’tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA.
Mazkur xalqaro turnirda Toshkent shahridan 41 nafar sportchi ishtirok etdi.
O‘zbekiston elchi Muhsinxo‘ja Abdurahmonov yurtimiz sport delegatsiyasi vakillari bilan uchrashdi. Diplomat musobaqa oldindan barcha atletlarimizga omad tiladi.
Turnir yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston vakillari 13 ta oltin, 5 ta kumush va 12 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Bu mazkur xalqaro musobaqada ishtirok etgan davlatlar orasida eng yuqori natija bo’ldi. O‘zbekiston karate ustalarining muvaffaqiyatli ishtirokini Koshiki karate bo‘yicha umumyapon federatsiyasi ijrochi direktori Imai Xiroki yuqori baholadi.
“O‘zbekiston sportchilari doimiy ravishda Yaponiyada o‘tkaziladigan xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarni qayd etib kelmoqda. Tokioda bo‘lib o‘tgan joriy musobaqada ham 41 nafar ishtirokchidan 30 nafari medallarni qo‘lga kiritgani tahsinga sazovordir. O‘zbekistonda karatening koshiki yo‘nalishi yanada rivojlanishiga umid bildirib qolaman”, – degan u.
Sharhlar