Moskvadagi terakt chog‘ida va ungacha Putin nimalar bilan band bo‘lgan? Xronologiya

путин
Президент Владимир Путин / Фото: kremlin.ru

“Vajniye istorii” nashri Moskvadagi “Krokus Siti Xoll” konsert zalida yuz bergan terakt arafasida, u sodir etilayotgan paytda va undan keyin Rossiya prezidenti Vladimir Putin nimalar bilan band bo‘lganini tahlil qilib, voqealar xronologiyasini tuzib chiqdi.

7-mart kuni kechqurun AQSH hukumati terrorchilar yaqin orada Moskvada odamlar to‘planadigan joylarda, shu jumladan, konsert maydonlarida terakt uyushtirishni rejalashtirayotgani haqida ogohlantirdi.

19-mart kuni Putin AQSHning ogohlantirishini “ochiqchasiga tovlamachilik” deb atadi. Shundan uch kun o‘tib, terakt yuz berdi.

22-mart 22:42, terakt boshlanganidan keyin deyarli uch soat o‘tib, 40 nafar qurbon va 100 nafar yarador haqida ma’lum bo‘ldi. Putinga ilk daqiqalardayoq terakt haqida ma’lum qilindi va u “barcha zarur ko‘rsatmalar”ni berdi, deb da’vo qiladi uning matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

23-mart 01:45, terakt boshlanganidan keyin qariyb olti soat o‘tgach, qurbonlar soni 62 kishiga yetdi, yaradorlar esa 140 kishidan oshdi. Putin teraktda jabrlanganlarga sog‘ayib ketishni tiladi, ammo shaxsan emas. U o‘z gaplarini bosh vazir o‘rinbosari Tatyana Golikova orqali yetkazdi.

23-mart 13:50, teraktdan 18 soat o‘tib, 115 qurbon va 121 yarador haqida ma’lum bo‘ldi. Putin FXX, IIV, Tergov qo‘mitasi, Rosgvardiya, FVV, SSV rahbarlari va boshqa mansabdorlar ma’ruzalarini tingladi.

23-mart 15:37, teraktdan 19,5 soat o‘tib, Putin birinchi marta omma oldida ko‘rinish berdi va Ukrainaning qo‘li borligini aytdi. Undan keyin Qozog‘iston prezidenti bilan qo‘ng‘iroqlashdi.

23-mart 19:52, teraktdan keyin bir sutka o‘tdi, 133 kishi halok bo‘lgani ma’lum bo‘ldi. Putin Turkiya prezidenti Erdo‘g‘on va Suriya prezidenti Asad bilan qo‘ng‘iroqlashdi.

24-mart 12:02 — 17:48, terakt boshlanganidan keyin 45 soat o‘tib, Putinning shaxsiy propagandachisi Pavel Zarubin Putinning teraktdan keyingi faoliyatining “ilk daqiqalari va soatlari” aks etgan videoni e’lon qildi. Putinning o‘zi esa shu kuni Emomali Rahmon va Ilhom Aliyev bilan qo‘ng‘iroqlashdi, so‘ng o‘zining Novo-Ogarevodagi qarorgohida butxonada sham yoqdi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.