O‘zbekiston temir yo‘llaridagi xizmat servisi va chipta savdosidan fuqarolar norozi
Ijtimoiy tarmoqda kecha, 12-iyul kuni bir nechta san’atkorlar yo‘lovchi poyezdning ichki sharoiti yomonligi, jumladan, sovitish tizimi ishlamayotgani, shuningdek, tom qismidan qum tushib, noqulaylik tug‘dirayotganidan shikoyat qilgani tasvirlangan video tarqaldi. Mazkur holat bo‘yicha “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ munosabat bildirdi.
Ma’lum bo‘lishicha, bir guruh san’atkorlar poyezdda safarga chiqqan, ularga konditsioneri bor kupe uchun chipta sotilgan. Ne baxtki ular konditsioner yo‘q, sharoitlari yomon bo‘lgan kupega joylashishgan. Vagondagi havo sifati, chang va yomon sharoitdan aktyor Alisher Uzoqovning ahvoli biroz yomonlashib, burni qonagan.
“O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJning bildirishicha, mazkur yo‘lovchi vagon 1991-yilda qurilgan bo‘lib, o‘rnatilgan tartibda o‘z muddatlarida texnik ta’mirlardan o‘tkazilgan. Ushbu vagonga o‘rnatilgan sovitish tizimi, texnik shartlariga ko‘ra, tashqi havo harorati 40 darajadan yuqorilab ketganda, tizimning sovitish samaradorligi yo‘qolgan.
“Video lavhaga tushirilgan poyezdning yo‘l davomida havo harorati +40 C darajadan yuqorilab ketganligi sababli sovutish tizimining kompressor uskunasi ishlamay qolgan, natijada vagon sovutilmagan. Poyezd Toshkent-Janubiy vokzaliga yetib kelganidan so`ng, unga qo`shimcha qilib soz holatdagi vagon ulandi va yo`lovchilar ushbu vagonga o`tkazildi”, – deyiladi izohda.
Shuningdek, unda fuqarolar uchun qulaylik yaratish maqsadida sifatli bo‘lgan texnik jihozlarni o‘rnatish ishlari jadallik bilan olib borilayotganligini va vagonlar bosqichma-bosqich modernizatsiya qilinayotganligini, oxirgi 1 yil davomida zamonaviy talablarga mos bo‘lgan 27 ta yo‘lovchi vagonlar xarid qilinganligini ma’lum qilingan.
Eslatib o’tamiz, bu kabi mavzularni Ahnor.uz internet nashri jurnalisti Bobur Karimov hamda Kun.uz jurnalisti Sardorbek Usmoniy ham o‘zlarining safarlari davomida duch kelgan muommolari yuzasidan O‘zbekiston temir yo‘llari AJga tanqidiy fikrlar bildirishgan edi.
Sharhlar