Bosh miya saratonini davolasa bo‘ladi

Фото: ССВ

Britaniyalik olimlar bosh miya saratonini davolash samaradorligini oshirish usulini kashf qildi. Glioblastoma — bosh miya saratonining eng agressiv shakllaridan biri. Ushbu xastalik har yili dunyoda 250-300 ming nafar kishida aniqlanadi. Achinarlisi, aksariyat hollarda tashxis qo‘yilgach, bemor bor-yo‘g‘i, 1 oydan 18 oygacha umr ko‘radi, deb yozyapti SSV matbuot xizmati.

Bugungi kunda olimlar glioblastoma rivojlanishining oldini olish va saraton hujayralarining davo muolajalariga rezistentligiga qarshi kurashish usullarini yaratish ustida ish olib bormoqda.

“Buyuk Britaniyaning Sasseks universiteti tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot bosh miya agressiv saratonini davolash samaradorligini oshirish va ushbu xastalikka chalingan bemorlarning umrini uzaytirishga yordam berishi mumkin. Terapevtik muolajalarning ta’sirini yaxshilay oladigan, hali yetarlicha o‘rganilmagan oqsillar ko‘p. PANK4 shular jumlasidan. Tadqiqot davomida ushbu oqsil glioblastomani davolashda kimyoviy terapiyaning saraton xujayralariga ta’sirini bloklashi ma’lum bo‘ldi. Shu sababdan ham PANK4 oqsilining miqdori ko‘p bo‘lgan bemorlarda tirik qolish ko‘rsatkichi pastroq bo‘lgan”, – deyiladi xabarda.

Universitet olimlarining ta’kidlashicha, ushbu oqsil olib tashlansa, glioblastomani davolashda qo‘llaniladigan kimyoterapiya preparati saraton xujayralariga yaxshiroq ta’sir qiladi.

“Odatda o‘simta olib tashlangandan keyin glioblastomaga chalingan bemor nur terapiyasi va kimyoterapiya preparati — temozolomid yordamida davolanadi. Inson organizmi mazkur dori vositasini avvaliga yaxshi qabul qilishiga qaramasdan, saraton xujayralari qisqa vaqt ichida unga qarshi rezistenlikni hosil qiladi”, – deyilgan.

Universitet olimlaridan tashkil topgan tadqiqot guruhi kelajakda ana shu kashfiyot asosida xastalikni davolash uchun yangi preparatlarni ishlab chiqishni rejalashtirmoqda.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.