O‘zbekiston –Xitoy: hamkorlikda qishloq xo‘jaligi uchun kadrlar tayyorlanadi
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Xitoy Xalq Respublikasi Ta’lim vaziri Huay Szinpen boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati yozmoqda.
Unda ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini rivojlantirish istiqbollari, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohalari hamda ilmiy hamkorlik yo‘nalishlari, shuningdek, yaqin kunlarda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Buyuk ipak yo‘li Alyansining to‘qqizinchi yillik anjumaniga tayyorgarlik jarayonlari muhokama qilindi.
“Uchrashuvda so‘ngi yillarda qishloq xo‘jaligida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro ishonch tamoyillari asosida rivojlanib borayotgan samarali hamkorlik munosabatlari, xususan, agrar sohaning ko‘pgina tarmoqlarida amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalarning ijobiy natijalari haqida fikr almashildi. Jumladan, bugungi kunda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish uchun olingan fitosanitar ruxsatnomalar soni 22 taga yetkazilgani, Xitoy paxtachiligidagi ilg‘or tajribalarni amaliyotga joriy etish uchun xitoylik mutaxassislar jalb qilingani, shuningdek, ilm-fan va innovatsion yo‘nalishda O‘zbekiston–Xitoy paxta chigitlari namunalarini almashish bo‘yicha loyiha yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi”, – deyiladi xabarda.
Shuningdek uchrashuvda ikki tomon ham bunday loyiha va tadbirlar O‘zbekiston-Xitoy aloqalarining rivojlanishiga hissa qo‘shayotgani yuzasidan yakdilligi ta’kidlanib, bundan keyin ham bu kabi yangi tashabbuslarni amalga oshirishga kelishib oldilar.
Shundan so‘ng mehmonlar Toshkent davlat agrar universitetida Xitoy Shimoliy-g‘arbiy qishloq va o‘rmon xo‘jaligi universiteti (Northwest A&F University) bilan qo‘shma ta’lim fakultetining ochilish marosimida ishtirok etishdi.
Sharhlar