“Krokus”dagi terakt chog‘ida o‘zbekistonlik yigit 100 dan ortiq odamni qutqargan
Ofitsiant bo‘lib ishlaydigan O‘zbekiston fuqarosi Komil Nesibov Moskva viloyatida joylashgan “Krokus Siti Xoll”dagi terakt chog‘ida 100 dan ortiq odamning hayotini saqlab qolgan, deb xabar beradi Shot Telegram-kanali.
Nesibovning o‘zi kanalga ma’lum qilishicha, fojia yuz bergan kuni u do‘sti bilan “Krokus”da ishlayotgan bo‘lgan. Smena 19:55 atrofida tugagan. Yigitlar ko‘chaga chiqqanida paqillash ovozlarini eshitgan. Nesibov do‘sti bilan yaqin oradagi binoga kirib olgan, ammo keyin qaytishga qaror qilgan. Nesibov o‘q tegishidan yaralangan bir nechta odamni yo‘l chetiga tortib chiqargan, avtomobilni to‘xtatib, cho‘loqlanayotgan ayolni o‘tqazgan va konsertga kechikib kelayotganlarning barchasini tarqatib yuborgan.
So‘ng binoga kirib, eshiklarni urib ochgan va odamlarga qaysi tomonga qochishni ko‘rsatgan. Tutun ichida qolgan yo‘laklardan birida 80 ga yaqin odam to‘planib turganini ko‘rgan va ularga tashqariga chiqishda yordamlashgan.
“Odamlarni qidirib yugurib yurgan vaqtimda chirog‘i yoniq holda yerda yotgan smartfonni ko‘rib qoldim, yo‘lni yoritish uchun uni ovoldim. Shunda telefon jiringlab qoldi, Kamilla degan ism chiqdi, bir qiz baqir-chaqir qilib, qutqarishni so‘ray boshladi”, — dedi Nesibov.
U o‘sha vaqtda FVV xodimlari yonida bo‘lgan va qizning qayerdaligini ularga tushintirgan. Oxir-oqibat qizni topishgan.
Avvalroq “Krokus Siti Xoll” garderobida yarim kunlik tartibda ishlagan oddiy maktab o‘quvchisi terakt paytida 100 dan ortiq odamni binodan olib chiqqani xabar berilgan edi.
Sharhlar