Prezident Respublika onkologiya va radiologiya markazining yangi majmuasida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi
Mamlakat mustaqilligining 33 yilligi arafasida muhim loyihalar, ta’lim va tibbiyot maskanlari, infratuzilma inshootlari foydalanishga topshirilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev 29-avgust kuni poytaxtdagi shunday bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Davlat rahbari 2021-yilda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining eski binosini borib ko‘rgan, sohada sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. Ko‘p o‘tmay, “Aholiga gematologiya va onkologiya xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilindi.
Sohada davolash samaradorligini oshirish uchun ko‘p ishlar qilinmoqda. Xususan, Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi alohida muassasa sifatida ajratildi. Onkologik shifoxonalar uchun qo‘shimcha 22 ta nur terapiyasi uskunasi olib kelindi. Kimyo terapiyasi vositalariga ajratilayotgan mablag‘ 11 barobar oshirilib, 13 million dollarga yetdi. 250 ga yaqin yangi tekshirish va davolash usullari viloyat va tuman darajasiga tushirildi.
Prezident qarorida Respublika onkologiya markazi uchun yangi majmua qurilishi ham belgilangan edi. Uning loyihasi Janubiy Koreyaning shu sohadagi klinikalari tajribasi asosida ishlab chiqildi. Uch yil davomida puxta ish olib borilib, Toshkent tibbiyot akademiyasi yonidagi 5 gektardan ziyod maydonda zamonaviy shifoxona barpo etildi.
Yangi majmua 9 ta inshootdan iborat bo‘lib, asosiy binolar 8 qavatli. Ularda shifokor va bemorlar uchun kerakli sharoitlar inobatga olingan. 1-qavatda poliklinika va tashxis uskunalari, 2-qavatda laboratoriya, statsionar, reanimatsiya va jarrohlik xonalari, yuqori qavatlarda palatalar joylashgan. Yerosti qismida radioterapiya, yadro tibbiyoti bo‘limi, xo‘jalik xonalari bor.
Avvalgi shifoxona 370 o‘rinli edi. Yangi markazda 650 ta statsionar va 80 ta kunduzgi o‘rinlar tashkil etildi. Shuningdek, bir kunda 500 nafar bemor ambulator sharoitda davolanishi mumkin.
Davlatimiz rahbari markazdagi qulaylik va imkoniyatlar bilan tanishdi.
– Biz ta’lim va tibbiyotga alohida e’tibor berayapmiz. Chunki odamlar bilimli bo‘lib, sog‘lom bo‘lsa, o‘z yo‘lini topadi. Bu markaz ham shunday ishlardan biri. Bu loyihaga 1,2 trillion so‘m ajratib, “noldan” qurdik. Barcha onkologiya shifoxonalarini jihozlashga 80 million dollar yo‘naltirildi. Endigi asosiy vazifa – xodimlarni o‘qitib olish, samarali boshqaruvni yo‘lga qo‘yish, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Markazda Yevropa va AQSH standartlari asosida tashkil etilgan 17 ta yangi klinik bo‘lim, 18 ta jarrohlik xonasi, 42 ta reanimatsiya va intensiv terapiya xonalari tashkil etilgan. Ular jahon tibbiyotida qo‘llanilayotgan eng so‘nggi texnikalar bilan jihozlandi.
Masalan, Siemens kompaniyasining MAGNETOM Altea rusumli magnitli tomografi sun’iy intelektdan foydalanib, ish jarayonini avtomatlashtiradi. Fuji kompaniyasining Senaria kompyuter tomografi kam dozali nurlanish va yuqori sifatli tasvir bilan bexato tashxis qo‘yadi. Shuningdek, 128 va 256 o‘lchamli multispiral tomograflar juda yupqa kesimlarda eng kichik o‘smalarni ham aniqlash imkonini beradi. Bular avval qo‘llanilganidan 8-16 barobar kuchli.
Bunday zamonaviy texnikalarni ishlatish uchun yuzga yaqin mutaxassis 8 ta xorijiy davlatda malaka oshirib qaytdi. Yurtimiz bo‘ylab 1 ming 200 nafar onkolog chet elda o‘qitiladi.
Jarrohlik bo‘limida yiliga 6 mingta yuqori texnologik amaliyotlar o‘tkazish imkoniyati bor. Jumladan, juda dolzarb bo‘lgan suyak ko‘migi transplantatsiyasi yo‘lga qo‘yiladi. Yangi uskunalar yordamida ko‘z, halqum va qizilo‘ngach qismi o‘smalarini kesmasdan olib tashlash mumkin. Qovuq o‘smalari kam invaziv usulda bartaraf etiladi. Bularning samarasida bemorlar tezroq tuzalib, 3-5 kunda uyiga qaytishi mumkin.
Sharhlar