Toshkent viloyatida hokim yordamchisi va uning sherigi qamoqqa olindi
Toshkent viloyatida hokim yordamchisi va uning sherigi noqonuniy yer sotishda ayblanib, qamoqqa olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Shayxontohur tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 1984-yilda tug‘ilgan shaxs 1986-yilda tug‘ilgan fuqarodan 5 ming AQSH dollari miqdoridagi pullarni olayotgan vaqtda ushlangan.
U Yangiyo‘l tumanida joylashgan davlat zaxirasidagi 20 sotix yer maydonidan 4 sotixini mansabdor tanishi orqali kelgusida rasmiylashtirib berishini va’da qilib, 20 ming AQSH dollariga sotishga kelishgan holda oldindan bo‘nak (avans) sifatida olgan 5 ming AQSH dollari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan.
Izlanishlar davomida, uning mansabdor tanishi 1973-yilda tug‘ilgan, Yangiyo‘l tumanida hokim yordamchisi lavozimida ishlovchi shaxs ekanligi aniqlangan.
“Holat yuzasidan IIV huzuridagi Tergov departamenti tomonidan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ikki nafar shaxs Jinoyat protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida qamoqqa olindi. Tergov harakatlari davom ettirilmoqda”, deyiladi xabarda.
Sharhlar