Toshkent viloyatida hokim yordamchisi va uning sherigi qamoqqa olindi

Foto: Flickr

Toshkent viloyatida hokim yordamchisi va uning sherigi noqonuniy yer sotishda ayblanib, qamoqqa olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Qayd  etilishicha, Shayxontohur tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 1984-yilda tug‘ilgan shaxs 1986-yilda tug‘ilgan fuqarodan 5 ming AQSH dollari miqdoridagi pullarni olayotgan vaqtda ushlangan.

U Yangiyo‘l tumanida  joylashgan davlat zaxirasidagi 20 sotix yer maydonidan 4 sotixini mansabdor tanishi orqali kelgusida rasmiylashtirib berishini va’da qilib, 20 ming AQSH dollariga sotishga kelishgan holda oldindan bo‘nak (avans) sifatida olgan 5 ming AQSH dollari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan.

Izlanishlar davomida, uning mansabdor tanishi 1973-yilda tug‘ilgan, Yangiyo‘l tumanida hokim yordamchisi lavozimida ishlovchi shaxs ekanligi aniqlangan.

“Holat yuzasidan IIV huzuridagi Tergov departamenti tomonidan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ikki nafar shaxs Jinoyat protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida qamoqqa olindi. Tergov harakatlari davom ettirilmoqda”, deyiladi xabarda.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.