Qandli diabetni ovoz orqali aniqlash texnologiyasi yaratildi

Foto: SSV

Luksemburg sog‘liqni saqlash instituti olimlari bemorning 25 soniyalik ovoz yozuvlari orqali qandli diabetni aniqlash texnologiyasini ishlab chiqdi. Bu yangilik Yevropa qandli diabetni o‘rganish assotsiatsiyasining yillik hisobot yig‘ilishida taqdim etildi.

Ma’lum bo‘lishicha, tadqiqotda mazkur kasallikning 2-turi tashxisi qo‘yilgan va bu patologiya aniqlanmagan 607 nafar ko‘ngilli qatnashdi. Ularga 2-3 jumladan iborat matnlar o‘qitilib, 25 soniyalik audioyozuvlari qayd etildi.

Shundan so‘ng ovozlar diabetni aniqlashga mo‘ljallab yaratilgan sun’iy intellekt modeliga yuklandi. Innovatsion dastur tadqiqot qatnashchilarining tovush balandligi, intensivligi, ohangi kabi 6000 tagacha ovoz xususiyatlarini soniyalar ichida tahlil qildi.

Yakunda dasturiy algoritmlar qandli diabet bor-yo‘qligini erkaklarda 71 foiz, ayollarda esa 66 foiz to‘g‘ri aniqlashga muvaffaq bo‘ldi.

Tadqiqotchilar fikricha, kelgusida ushbu texnologiya yanada takomillashtirib boriladi. Shu tariqa sun’iy intellekt qandli diabetni erta bosqichda, tezkor, tegishli qon tahlillari va boshqa tibbiy tekshiruvlarsiz aniqlash vositasiga aylanadi.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.