Qozog‘iston Rossiya uchun benzin zaxiralarini yaratganini rad etdi

Foto: “TASS”

Qozog‘iston RF neftni qayta ishlash zavodlariga dronlar hujumi oqibatida tanqislik yuzaga kelishi ehtimoli yuzasidan Rossiya uchun benzin zaxirasini yaratmagan, deb yozadi DW Qozog‘iston energetika vaziri maslahatchisi Shingiz Ilyasovning intervyusiga tayanib. “Rossiya Energetika vazirligidan bunday so‘rov kelib tushgani yo‘q”, — dedi u 8-aprel kuni.

Shu kuni avvalroq Reuters o‘z manbalariga tayanib, Rossiya Qozog‘istondan 100 ming tonna benzin avariyaviy zaxirasini yaratishni va RFga yonilg‘i yetkazib berishga tayyor bo‘lishni so‘ragani haqida ma’lum qilgandi. Shu tariqa, Rossiya hukumati, go‘yoki, neftni qayta ishlash zavodlariga tez-tez amalga oshirilayotgan dronlar hujumiga nisbatan choralar ko‘rgan. Agentlik manbalari hisob-kitoblariga ko‘ra, Qozog‘istonning o‘zida AI-92 benzini zaxiralari 5-aprel holatiga 307,7 ming tonnani, AI-95 benzini — 58 ming tonnani, dizel yonilg‘isi zaxiralari esa 435,3 ming tonnani tashkil qilgan.

1-martdan Rossiya hukumati yarim yilga benzin eksportini taqiqladi. Avvalroq Reuters RF fevraldan boshlab Belarusdan benzin importini keskin oshirganini da’vo qilgandi. DW hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiya Ukrainaga to‘liq bostirib kirganidan keyin Rossiya neftni qayta ishlash zavodlari qariyb 40 marta dronlar hujumiga uchragan.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.