Volkov o‘ziga uyushtirilgan hujum haqida: “Bu Putindan salom edi”

Foto: Global Look Press

Rossiyalik marhum muxolifatchi Aleksey Navalniyning safdoshi Leonid Volkov Vilnyusda uyi yaqinida uyushtirilgan hujumdan keyin kasalxonadan uyiga qaytib kelganini ma’lum qildi, deb yozadi BBC.

U o‘z Telegram-kanalida murojaat e’lon qilib, unda hujum qilgan shaxs bolg‘a bilan uning oyog‘iga 15 martacha urganini, ammo oyog‘i sog‘-omonligini, aksincha qo‘lini sindirib olganligini ma’lum qildi.

Shu bilan birga, u “hech qanday izoh berishga tayyor emasligi”ni aytdi. “Bu Putindan, bosqinchilar Peterburgidan aniq-ravshan, o‘ziga xos salom bo‘lganidan tashqari. Vladimir Vladimirovich, sizga ham salom!” — dedi Volkov.

Volkovga hujum 15—17-mart kunlari bo‘lib o‘tadigan Rossiya prezidenti saylovlari arafasida yuz berdi. Aleksey Navalniy jamoasi “Putinga qarshi choshgoh” aksiyasida qatnashishga chaqirmoqda, u prezident saylovida Vladimir Putinga qarshi ovoz bermoqchi bo‘lganlar saylov uchastkalariga bir vaqtda — 17-mart kuni 12:00 da kelishini ko‘zda tutadi.

Eslatib o‘tamiz, 16-fevral kuni Rossiya Jazolarni ijro etish federal xizmati Aleksey Navalniy koloniyada vafot etganini ma’lum qildi. Siyosatchining safdoshlari uni o‘ldirishganini aytmoqda. Navalniyning onasiga berilgan o‘lim haqidagi xulosada u tabiiy sabablardan ko‘z yumgani qayd etilgan.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.