Qonun ma’qullandi: Psixologik yordam ko‘rsatishga faqat mutaxassislar haqli
Senatning navbatdagi yalpi majlisida “Aholiga psixologik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi Qonun senatorlar tomonidan ma’qullangani haqida SSV xabar bermoqda. Ushbu hujjatni ishlab chiqishga qanday zarurat bor?
Yalpi majlisda ma’ruza qilgan Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori, Oliy Majlis Senati a’zosi Xurshid Fozilov bu mavzu yuzasidan quyidagilarni bildirdi.
Bugun soxta psixologlar ko‘payib ketdi, — deydi mutaxassis. — Ular asosan ijtimoiy tarmoqlar, turli jozibador e’lonlar orqali mijozlar topishga harakat qilmoqda. Biroq o‘z “xizmat”larini taklif etayotganlarning hammasi ham professional va malakali mutaxassislar emas.
Sifatsiz psixologik xizmat esa jamiyat uchun jiddiy xavf. Bu sohada noto‘g‘ri maslahat va tavsiyalar nafaqat murojaat qiluvchilar muammolari hal bo‘lmasligi, balki ijtimoiy munosabatlar yanada yomonlashishi, hatto oilalar buzilib ketishiga olib kelishi sir emas.
Shu ma’noda, o‘zini “psixolog”, “professional kouch”, “murabbiy” atab, nom qozonish va mo‘may daromad topish ilinjida mazkur sohaga suqilib kirayotganlardan aholini himoya qilish zarur. Buning o‘rniga, professional psixologlar faoliyatini takomillashtirish va ularni qo‘llab-quvvatlash lozim. Yuqorida tilga olingan Qonun ayni shu maqsadda, xorijiy tajriba, xalqaro amaliyotni chuqur o‘rgangan holda ishlab chiqildi.
Qonunda psixologik yordam ko‘rsatuvchi subyektlar doirasi belgilanmoqda (bular davlat organlarida yoki boshqa tashkilotlarda ishlovchi psixologlar yoxud ushbu sohada xususiy tartibda faoliyat olib boruvchi yuridik shaxslar yoki yakka tartibdagi tadbirkorlar).
Davlat tomonidan bepul psixologik yordam kafolatlanadigan shaxslar toifalari ko‘rsatib o‘tilmoqda. Shuningdek, maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarida psixologik yordam ko‘rsatish tashkil etilishi mustahkamlanmoqda.
Qonunga ko‘ra, psixologik yordam ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanish huquqiga psixologiya yo‘nalishi bo‘yicha oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar ega bo‘lishi belgilanmoqda.
Psixologiyadan boshqa ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar psixologiya mutaxassisligi bo‘yicha qayta tayyorlash kurslarini o‘taganligi to‘g‘risidagi tegishli hujjatni olganidan keyin davlat organlarida, shu jumladan ta’lim tashkilotlarida tegishli psixologik yordam turlarini belgilangan tartibda ko‘rsatishga haqli bo‘lishi ko‘zda tutilyapti.
Shuningdek, xususiy tartibda psixologik yordam ko‘rsatish bo‘yicha faoliyat bilan shug‘ullanishga O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan psixologlarning jamoat birlashmasi tomonidan malaka sertifikati berilgan psixologlarga ruxsat etilishi qayd etilmoqda.
Qonunga asosan, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan barcha psixologlar uchun majburiy bo‘lgan “Psixologik yordam ko‘rsatish standartlari” ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi. Psixologlarning jamoat birlashmalari psixologlarning odob-axloq kodeksini tasdiqlaydi hamda unga rioya etilishining tizimli monitoringini ta’minlaydi.
Shu bilan birga, psixologik yordam ko‘rsatish huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan psixologik yordam ko‘rsatganlik uchun ma’muriy javobgarlik choralarini belgilash nazarda tutilmoqda.
Sharhlar