AQSH O‘zbekistonni intellektual mulk huquqini buzayotgan mamlakatlar ro‘yxatidan chiqardi
O‘zbekiston Respublikasi intellektual mulkning huquqiy muhofazasi va himoyasi holati bo‘yicha AQSH Savdo vakilligining (USTR) 301-maxsus hisobotidagi kuzatuvdagi davlatlar ro‘yxatidan (qora ro‘yxat) chiqarildi. Bu haqda O‘zbekiston Adliya vazirligi AQSH Savdo vakolatxonasi hisobotiga tayanib xabar bermoqda.
O‘zbekiston 2000-yilda ushbu ro‘yxatga kiritilgan bo‘lib, 24 yildan buyon “kuzatuvdagi davlatlar ro‘yxati”da qolmoqda edi.
Muayyan davlatning “kuzatuvdagi davlatlar ro‘yxati”ga kiritilishi unda intellektual mulkni himoya qilish bo‘yicha jiddiy muammolar mavjud ekanligini ko‘rsatadi hamda bevosita xorijiy korxonalar tomonidan investitsiyaviy faoliyatni amalga oshirishda alohida e’tibor qaratiladi, deyiladi xabarda.
Bugungi kunga qadar Markaziy Osiyo mintaqasidan faqat O‘zbekiston va Turkmaniston “kuzatuvdagi davlatlar ro‘yxati”da qolib kelayotgan edi.
“Mana bugun oxirgi besh yilda intellektual mulk obyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartiblarini soddalashtirish, ularga bo‘lgan huquqlarni samarali himoya qilish, xalqaro shartnomalarga a’zo bo‘lish va tashqi aloqalarni rivojlantirish hamda JSTning TRIPS bitimi talablarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish yo‘nalishida amalga oshirilgan tizimli ishlar natijasida shunday natijaga erishdik”, — deyiladi Adliya vazirligi xabarida.
Sharhlar