O‘zbekistonda qoramollar orasida yuqumli kasallik tarqalgani rad etildi
Ijtimoiy tarmoqlarda noma’lum shaxs tomonidan qoramollarda yuqumli kasallik tarqalgani tufayli har joydan ham go‘sht sotib olmaslikka chorlovchi audioxabar turli muhokamalarga sabab bo‘ldi. Holat Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi hamda tegishli idora vakillari hamkorligida atroflicha o‘rganildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar bermoqda.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, so‘nggi olti oy davomida hududdagi chorva mollarida biror bir kasallik aniqlanmaganligi, qoramollar sog‘lom parvarish qilinayotgani aniqlandi.
Binobarin, yolg‘on va asossiz xabar tarqatgan audioxabar egasi Farg‘ona viloyati, Buvayda tumani “Buyuk ipak yo‘li” MFY da istiqomat qiluvchi fuqaro Feruza Tursunova ekanligi ma’lum bo‘ldi. Fuqaro F.Tursunovaga yolg‘on xabar berish, vahima uyg‘otuvchi asoslanmagan ma’lumot tarqatish uchun qonunchilikda jiddiy jazo borligi tushuntirildi hamda mutasaddi idoralar tomonidan ogohlantirildi.
Qayd etilishicha, so‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda shu kabi, asossiz va ko‘r-ko‘rona tayyorlangan xabarlar ko‘p tarqalmoqda. Fuqarolardan bunday bir tomonlama, noxolis xabarlarga ishonib aldanib qolmaslik uchun faqatgina rasmiy manbalar orqali tarqatilgan xabarlarni olish so‘raldi. Shuningdek, fuqarolardan ham asosi yo‘q bo‘lgan shubhali xabarlarni keng ommaga tarqatmaslik so‘rab qolindi.
Ta’kidlanishicha, Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimga doir har qanday yo‘nalishda jiddiy nazoratga olgan. Shuningdek, chorvachilikda yangi va zamonaviy yondashuvlar, qoramollarni sifatli yetishtirish, ularni ehtimoliy kasalliklardan saqlash bo‘yicha ham doimiy kuzatuv o‘rnatilgan.
Sharhlar