“Rossiya aholisini boshqa muammolardan chalg‘itish uchun muhojirlar aybdor qilib ko‘rsatilmoqda”. Rossiyada o‘zbekistonliklar eng ko‘p jinoyat sodir etgani rostmi?
Avvalroq Rossiya Ichki ishlar vazirligi chet elliklar orasidagi jinoyatchilik bo‘yicha ma’lumotlarni e’lon qilgandi. Ularga ko‘ra, Rossiyada O‘zbekiston fuqarolari eng ko‘p jinoiy javobgarlikka tortiladi, xususan, 2022-yilda Rossiyada chet elliklar tomonidan amalga oshirilgan jinoyatlarning qariyb 40 foizi o‘zbekistonliklar ulushiga to‘g‘ri kelgan. Ikkinchi o‘rinda Tojikiston (25 foiz), uchinchi o‘rinda esa Qirg‘iziston fuqarolari (13 foiz) joylashdi.
Ushbu xabar mintaqadagi yetakchi nashrlar e’tiborini tortdi, shuningdek, markaziy osiyolik migrantlar huquqlarini himoya qiluvchilar va Rossiyada mehnat muhojiri bo‘lib yurgan o‘zbekistonliklar o‘rtasida muhokamalarga sabab bo‘ldi, deb yozadi BBC. Nashr ushbu mavzuda tahliliy maqola tayyorlab, unga mutaxassislar fikrlari va munosabatlarini ham ilova qildi. Materialni hech qanday o‘zgartirishlarsiz o‘z holicha taqdim etamiz.
Eng yirik mehnat bozori…
Rossiya har yili chetdan millionlab ishchi kuchiga ehtiyoj sezadi.
Bu migrantlarning salmoqli qismini, yillarki, Markaziy osiyoliklar tashkil etib kelishadi.
Jumladan, so‘nggi uch o‘n yillikda aynan Rossiya katta sondagi o‘zbekistonliklar uchun eng yirik va an’anaviy mehnat bozori vazifasini bajarib keladi.
Koronavirus pandemiyasidan avval Rossiyada mehnat muhojirligida band O‘zbekiston fuqarolari soni millionlarga nisbat berilgan.
Rossiyada mehnat muhojirligida band fuqarolari har yil ortga yuborayotgan milliardlab dollarlik pullar, ayniqsa, mintaqada aholisi eng yirigi (36 milliondan ortuvchi – tahr.) bo‘lgan O‘zbekiston iqtisodini tutib, yuritishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Aksar aholisi bugun ham ishsizlik va kambag‘allik keng ildiz otgan chekka qishloq hududlarida yashovchi O‘zbekistonda millionlab sondagi odamning tirikchiligi ular ortga yuborayotgan ana shu mablag‘lar orqasidan o‘tadi.
Bu pullar, yillarki, mamlakatda ijtimoiy tanglikni yumshatib, O‘zbekiston hukumati uchun ham ijtimoiy muhofaza kamari vazifasini bajarib keladi.
Xuddi shu bois, mehnat muhojirligi RTVI xabarida tilga olingan O‘zbekiston ilova har uch Markaziy Osiyo davlati va hukumati uchun birdek muhim ahamiyat kasb etadi.
Rossiyada ishlayotgan fuqarolari ortga yuborayotgan pullar mintaqada nisbatan kambag‘ali, deb ko‘riluvchi Tojikiston va Qirg‘iziston YaIMining ham salmoqli qismini tashkil qiladi.
Fuqarolarining “qanchalik jinoyatchi” ekaniga oid xabarga O‘zbekiston ilova qolgan Markaziy Osiyo davlatlarining ham munosabati hozircha ko‘zga tashlanmaydi.
Ammo mazkur xabar so‘nggi haftalarda mintaqadagi yetakchi nashrlarning e’tiborini o‘ziga tortmay qolmagan, sarlavhalariga chiqqan, Markaziy osiyolik migrantlar huquqlari himoyasi bilan shug‘ullanuvchi yetakchi huquqbonlar barobarida Rossiyada mehnat muhojirligida band o‘zbekistonliklar o‘zlarining ham aks-sadolariga sabab bo‘lgan.
Ulardan biri ijtimoiy tarmoqlarda “Urushdan charchagan aholini nima bilandir aldash kerak. Qarasa, 5 millionga yaqin migrant bor”, – deb yozgan.
“Anchadan beri kuzataman. Rossiyada saylov tugamas ekan, prezident, Duma, mahalliy saylovlar, gubernatorlar hammasining dasturida bor migrantlar muammosi. Migrantlar Rossiya siyosatidagi guruhlar o‘yini uchun yaxshi qurol yoki himoya vositasi. Ekonomikasi uchun yaxshigina sog‘in sigir. Yana tashqi faktorlar ham bor”, – degan boshqasi.
Mazkur xabar, boshqa tomondan, Rossiyada Markaziy osiyolik mehnat muhojirlariga qarshi reydlar kuchaygan va ularga qarshi tahqiromuz munosabatlar oshkora tus olib borayotgan bir manzarada olingan.
Ularni, ayniqsa, jazo muddatlarini o‘tayotgan Rossiya qamoqxonalaridan Ukraina urushiga yollash harakatlari kuchaygan va bu kabi holat, xususan, hatto Rossiyaning o‘zidagi faollar, huquqbonlarning xavotirlarini jiddiy orttirayotgan, boshqa tomondan, Rossiya mamlakatning amaldagi prezidenti Vladimir Putin yana asosiy nomzod sifatida ko‘rilayotgan navbatdagi prezident sayloviga hozirlik ko‘rayotgan bir paytda bo‘y ko‘rsatgan.
Rossiyada mehnat muhojirligida band katta sondagi fuqarolari, yillarki, rasmiy Kremlning O‘zbekiston ilova aksariyat Markaziy Osiyo davlatlariga bosim o‘tkazishning eng unumli vositalaridan biri sifatida ham ko‘riladi.
Shunday ekan, bu raqamlar nima degani? Ular qanchalik haqiqatga yaqin? Agar, Rossiyadagi turli ish, yumush va tahsilda band o‘zbekistonliklar soni bilan qiyoslansa, bu statistika qanchalik sensatsion, ya’ni sarlavhalarga olib chiqilgan darajada shov-shuv ko‘tarishga loyiq yoki bu ham ayniqsa, Ukraina urushi manzarasida O‘zbekiston misolida Rossiya tomonidan mintaqa davlatlariga bosim o‘tkazishning yana bir yo‘li, vositasimi?
Bi-bi-si O‘zbek xizmati xuddi ana shunday savollar bilan asli Markaziy osiyolik Migratsiya huquqi bo‘yicha ikki yuristga murojaat qildi.
Migrant.uz loyihasi asoschisi va rahbari Botirjon Shermuhammad:
Botirjon Shermuhammad: RTVI bu ma’lumotlarni qayerdan olgan, men bilmayman. Mana, hozir yangi ma’lumotlarni ko‘rdim. 10 fevral kuni Rossiya Fanlar akademiyasining Demografiya masalalari bo‘yicha instituti tomonidan shunaqa bir axborot e’lon qilingan, hisobot. Agar, unga ko‘ra aytadigan bo‘lsak, Rossiyada faqatgina 2 foiz jinoyatlar chet el fuqarolari tomonidan sodir qilinayapti. Ko‘p emas va hattoki, mana, ularning ma’lumotiga qaraydigan bo‘lsak, asosan Moskva shahri va Moskva viloyatida ko‘proq sodir qilingan muhojirlar tomonidan. Albatta, ularning soni ko‘pligidan kelib chiqadigan bo‘lsak, bu narsa bir yangilik emas. Ya’ni, faqatgina 2%, mana 2022-yilni ham ko‘radigan bo‘lsak, faqat shuncha foiz, deb aytilayapti. Asosan erkaklar tomonidan va hattoki 2022-yilning yanvar-noyabr va 2023-yilning 11 oyini taqqoslaydigan bo‘lsak, hatto xorij fuqarolari tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni hatto 1 foizga kamayganini bildiradi. Bu o‘sha Ichki ishlar vazirligining ma’lumotidan olib, mana shu olimlar tomonidan e’lon qilingan ma’lumot. Men bundan tashqari boshqa ma’lumotni ham ko‘rdim. RIA Novosti tomonidan berilgan. Ya’ni, bu shu yilning 24-yanvar kuni e’lon qilingan. U yerda Rossiya Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari stats-kotibi tomonidan e’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra, Rossiyada umuman olganda 3.9 foiz, ya’ni 4 foizga yetmagan jinoyatlar muhojirlar tomonidan sodir qilinayapti. Asosan MDH mamlakatlari fuqarolari tomonidan va 2023-yilda faqatgina 10.3 foizga, ya’ni 10 foizga deyarli oshganini ko‘rish mumkin, deb aytilgan. Bu o‘sha Rossiya Ichki ishlar vaziri muovini tomonidan Davlat Dumasida e’lon qilingan ma’lumot. Ya’ni, albatta, bu bo‘rttirilgan ma’lumot, o‘sha RTVI tomonidan o‘rganilgan ma’lumot. Rossiya Ichki ishlar vazirligining rasman e’lon qiladigan yillik axboroti bor, hujjat sifatida e’lon qilinadi. U yerda xorij fuqarolari tomonidan sodir qilinadiganlari ham ma’lumot beriladi alohida bo‘limda. Va, odatda, umumiy jinoyatlar sonidan faqat 3-4 foizi chet el fuqarolariga to‘g‘ri kelishi aytiladi. Endi, O‘zbekiston fuqarolari 40 foizini sodir qilayapti, deganiyam bu bir ajablanarli holat emas. Chunki o‘zbekistonliklar albatta ko‘pchilikni tashkil qiladi. Umuman olganda, 40 foizdan ortiq patentlarni ham O‘zbekiston fuqarolari oladi. Soni bo‘yicha ham ko‘pchilikni tashkil qiladi. Albatta, ko‘pchilik bo‘lganidan keyin bu yerda jinoyatlar soni ham boshqalarga nisbatan ko‘proq bo‘lishi odatiy narsa, bunaqangi bir ajabalanadigan narsa emas. Bunaqangi bo‘rttirishlar o‘zi, odatda, mana shu siyosatchilar tomonidan vaziyatga qarab, saylovlar oldidan yoki bir boshqa, boshqa vaziyatlarda va ommaviy axborot vositalari bor, misol uchun, o‘sha muhojirlarni yomon ko‘radigan, ularni doimo yomonotliq qilishga harakat qiladigan ba’zida millatchi ommaviy axborot vositalari, siyosatchilar bor, ularning axborot saytlarida ham bunaqa narsalar bo‘rttirilib, bir tomonlama ko‘rsatilib, manipulyatsiya qilinib, jamiyatga shunaqangi emishki, muhojirlar asosan jinoyatchilik bilan shug‘ullanayapti, degandek tasavvurlar qoldirishga harakatlar bor. Bu ma’lumotlar O‘zbekiston tomoniga qanchalik bosim qilishi mumkin – bilmayman, qiyinroq bo‘lsa kerak. Lekin asosan bu o‘sha ichki, nima deydi, iste’molchi, ya’ni Rossiyaning o‘zidagi mahalliy aholini, jamiyatni, jamoatchilikni hayotda bor bo‘lgan o‘sha ijtimoiy, iqtisodiy muammolardan chalg‘itish uchun muhojirlarni aybdor qilib ko‘rsatish uchun ko‘rsatiladigan, aytiladigan narsalar, xolos. Ko‘proq shu saylov oldilaridan bo‘ladi.
Savol: Boshqa tomondan, o‘z o‘rganishlaringiz, kuzatuvlaringizdan kelib chiqib aytilganda, birgina O‘zbekiston fuqarolari nazarda tutilganda, Rossiyada ular tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar og‘irligi, miqdori, ko‘lami qanchalik xavotirli, bu jinoyatlar asosan nimalardan iborat va ularni bu kabi jinoyatlarga undayotgan asosiy omillar, sabablar nimalardan iborat?
Botirjon Shermuhammad: O‘zbekiston fuqarolari tomonidan o‘zi jinoyatlar soni, miqdori ko‘p emas, ya’ni ko‘lami. Lekin, mana, oxirgi uch-to‘rt yil ichida xavotirga solayotgan holat narkokurerlik, ya’ni narkotik vositalarini yetkazib berish bilan bog‘liq jinoyatlar judayam ko‘payib ketdi. O‘zimizgayam shaxsan murojaatlar juda ham ko‘p. Uzoq, uzoq muddatlarga, 8 yildan 12, 15 yilgacha muddatga vatandoshlarimiz mana shu moddalar bilan qamalib ketishayapti, jinoiy javobgarlikka tortilishayapti va mana shu narsa xavotirli. Buni bir necha marta aytib o‘tildi, intervyularda aytayapmiz, ko‘rsatuvlar qilindi. Mana shu narsa kamaymayapti. Afsuski, o‘zi bu bo‘yicha nafaqat O‘zbekiston fuqarolari, balki umuman Rossiyadagi vaziyat og‘irligi, ya’ni bunaqangi ish bilan shug‘ullanadigan tashkilotlar, yakka shaxslar ko‘payib ketganligi, ular judayam faolligini hisobga oladigan bo‘lsak, ayniqsa, internetda, messenjerlarda judayam faolligi, kerak bo‘lsa, o‘zbek va tojik tillarida muhojirlarga ish taklif qilishayotgani e’lonlarini ko‘rdik. Mana shu narsa xavotirli. Va, odatda, muhojirlar tomonidan ko‘p sodir etiladigan jinoyatlar bu, mening fikrim bo‘yicha, birinchi navbatda, mana shu qalbaki hujjatlar bilan bog‘liq jinoyatlar ko‘p sodir qilinadi, o‘sha registratsiya, boshqa hujjatlar qalbaki qilinadi. Bundan tashqari, jinsiy erkinlikka qarshi, o‘sha nomusga tegish yoki shunga o‘xshagan harakatlar bilan ham jinoyatlar ko‘p sodir qilinadi. Bosqinchilik ham bo‘ladi, o‘g‘rilik ham bo‘lib turadi. Mana shu jinoyatlar ko‘proq sodir qilinadi.
Savol: Sizga yaxshi ma’lumki, Rossiya, yillarki, eng katta – millionlab sondagi o‘zbekistonliklar uchun eng yirik mehnat bozori vazifasini bajarib keladi. Shunday ekan, so‘nggi paytlarda e’lon qilinayotgan bu kabi rasmiy statistikalarning Rossiyaning migratsion siyosatiga, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi migratsiya oqimiga biror bir salbiy ta’siri bo‘lishi mumkinmi? O‘zbekiston tomonining xavotirlanishiga qanchalik asos bor?
Botirjon Shermuhammad: Mening fikrimcha, bu ma’lumotlar, bu statistik ma’lumotlar Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarga ta’sir qilmaydi. O‘zbekiston tomoni ham bu statistikadan qandaydir bir xavotir olishiga hech bir asos yo‘q. Lekin, umuman olganda, mana shu biz aytib o‘tganimiz oxirgi yillarda narkotik vositalar bilan bog‘liq jinoyatlarning ko‘payganligi, albatta , davlatimiz, O‘zbekiston hukumatini xavotirga solishi kerak. Umuman shunaqa jinoyatlarning ko‘payganligi mana shu Ukraina bilan bog‘liq urush fonida xavotirga solayapti, bizni, ayniqsa. Chunki o‘sha uzoq yilga qamalgan vatandoshlarimizni ozolikdan mahrum qilish joylarida urushga yollash, jalb qilish, urushga yollanishga targ‘ib qilish hollari, mana shunaqangi shu yollanishga majburlashga sharoitlar yaratish holatlari ko‘payib borayapti. Shulardan kelib chiqib, biz aytganmizki, shu paytgacha taklifimiz – Rossiya bilan O‘zbekiston o‘rtasida 2016-yilda tayyorlangan, Rossiya tomonidan imzo qilinishga tayyor bo‘lgan ozodlikdan mahrum qilingan fuqarolarni olib ketish to‘g‘risidagi shartnoma haliyam O‘zbekiston tomonidan imzolangani yo‘q. Bir necha marta bu narsalar ko‘tarildi. Shaxsan o‘zim bir necha marta ko‘tardim bu narsani. O‘zbekiston tomonidan hech qanaqa bir aniq javob yo‘q, ma’lumot yo‘q. Aynan shunday shakldagi shartnomalar O‘zbekiston-Qozog‘iston, O‘zbekiston-Turkiya va boshqa davlatlar bilan imzolangan. Agar, mana shu shartnoma imzolanib qolsa, Rossiyaning ozodlikdan mahrum qilish joylarida saqlanayotgan 10 mingga yaqin, balkim ko‘proqdir, aniq sonlarini bilmaymiz, oxirgi marta 2017-yilda olti yarim ming O‘zbekiston fuqarolari borligi aytib o‘tilgandi. Mana shu fuqarolarni olib kelishga huquqiy asos paydo bo‘lgan bo‘lar edi. Hozirgi kunda qidiruvdagi fuqarolarni ushlash, olib kelish bo‘yicha huquqiy asos bor ikki davlat o‘rtasida, bu narsalar amalga oshirilayapti. Lekin jinoiy javobgarlikka tortilgan, ya’ni o‘sha mahbuslar, qamalib qolgan fuqarolarimizni u yerdan olib kelish, jazoning qolgan qismini O‘zbekistonda o‘tash bo‘yicha hech qanaqangi shartnoma, huquqiy asos yo‘q. Shuning uchun ham bugun vatandoshlarimiz uzoq muddatlarga o‘sha Rossiyaning qamoqxonalarida saqlanishga majbur bo‘lishayapti.
Migratsiya huquqi bo‘yicha ikkinchi yurist:
“RTVI migrantlarga oid jinoyatlarni umumiy jinoyat statistikasidan emas, jinoyatchilikning ayrim epizodlari kesimida olgan.
Ya’ni RTVI umumiy jinoyatchilikni tahlil qilsa, migrantlarni aksincha oqlab qo‘ygan bo‘ladi.
Buning o‘rniga migrantlar mavzusida dahshatni kuchaytirish uchun jinoyatchilik epizodlarini, masalan, 40 ming jinoyatning 36 mingtasini o‘zbekistonliklar va tojikistonliklar qilayapti, deb vahima solgan.
Vaholanki, son kesimida olsangiz, o‘zbekistonliklar va tojikistonliklar boshqa davlat fuqarolaridan ko‘ra ko‘p.
Dasturxonning bir burchagiga qarab, dasturxonning hamma yeriga qarashni unutgandek-da, katta rasmning bir pazliga qarayapti, vaholanki, u pazl katta rasmning bir bo‘lagi, u katta rasmsiz bu kichik pazl hech qanday mazmun va xulosa berolmaydi, alohida tahlil ob’ektiga aylanolmaydi
Haqiqattan ham muhojirlar orasida jinoyatchilik ko‘pmi?
IIV bergan rasmiy statistika bo‘yicha 2023-yil yanvar – noyabr oylarida 1 million 804 800 jinoyat ro‘yxatdan o‘tgan. Ularning 785,2 mingtasi ochilmagan. Ya’ni 1 019 600 ta jinoyat ochilgan.
Ushbu 1 019 600 ta jinoyatning atigi 36,6 mingtasigina Rossiyadagi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tomonidan sodir etilgan. Foiz hisobida bu 3,59% degani. Ya’ni 100 jinoyatchining uchtasi migrant, xolos.
Bunday kichik raqamlar vaziyat aslo qo‘rqinchli emasligini ko‘rsatadi.
Unda vahimaning sababi avvalgi yilgi ko‘rsatkichlardir?
IIV ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yili 2 millionga yaqin jinoyat qayd etilgan. Aniqrog‘i, 1966,8 ming jinoyat. Ulardan 1062300 ta jinoyat oshkor qilingan. Bir milliondan ko‘p jinoyatning 40200 tasini Rossiyadagi chet elliklar sodir etgan. Hisob bo‘yicha esa faqat 3.78% jinoyatlarda migrantlarning qo‘li borligini ko‘rish mumkin. 2022-yilda ham 100 jinoyatchidan faqat uchtasi migrant bo‘layapti.
2021-yilda 2004,4 ming jinoyat ro‘yxatga olingan. 1,071,100 jinoyatlar oshkor qilingan. Oshkor qilingan jinoyatlarning 36,4 mingtasi migrantlar tomonidan sodir etilgan. Foiz hisobida 3,4% , 2021-yilda ham 100 jinoyatchidan faqat uchtasi migrant.
2020-yilda 1080400 jinoyat oshkor qilingan. Migrantlar 34,4 ming jinoyat sodir etgan, 3,18% foiz. Ya’ni 100 jinoyatchidan faqat uchtasi migrant.
2019-yilda 1,109,100 jinoyatlar oshkor qilingan. Atigi 34,9 ming jinoyatni migrantlar qilgan, 3,15 foizni. Hali ham 100 tadan uchta migrant.
Foiz kesimida 2018, 2017, 2016-yillar va undan avval ham migrant jinoyatchilar 3%dan oshmagan. Ya’ni, ko‘p yillardan buyon Rossiyadagi 100 ta jinoyatchilarning faqatgina 3 nafari migrant xolos. Barqarorlik?
Statistika shunday zerikarli narsa. Statistikani boricha ko‘rsatadigan bo‘lsangiz, OAV vositalaridagi migrantlarning jinoyatchiligi haqidagi ommaviy “isteriya” assosiz ekanini bilishingiz mumkin.
Skeptiklar vahima qayerdan unda, deydi….
Balki sudlangan migrant jinoyatchilar bo‘yicha statistika qo‘rqinchlidur?
Rossiya Federatsiyasi Oliy sudining sud departamenti 2022-yilda sudlarda ko‘rilgan jinoiy ishlar 614,7 579 ta bo‘lgani, ayblanganlar orasida 21,802 nafar migrant bo‘lganini statistikada keltirayapti. Bu degani sudlarda ham barcha jinoyatchilarning bor yo‘g‘i 3.8 fozi migrant bo‘lgan. Soddaroq aytganda, sud ma’lumotlari bo‘yicha har 100 nafar jinoyatchining 3 nafari migrant. Xuddi RF IIV statistikasidek.
2021-yilda Rossiya bo‘ylab 579 ming kishi sudlangan. Ulardan 3.3 foizi muhojirlar.
2020-yilda 565 ming kishi sudlangan. 2020-yili ham sud aybdorligi to‘g‘risida hukm qilgan migrantlar 3,5 foizni tashkil qilgan.
Pandemiya kabi inqiroz davrlarida muhojirlar orasida jinoyatchilikning keskin ko‘payishi bo‘yicha prognozlar amalga oshmagan. Muhojirlar orasida jinoyatchilar ko‘pligi haqida vahimalar esa yolg‘on va asossiz bo‘lib chiqmoqda. Bizning maqsadimiz muhojirlarni rossiyaliklarga qarshi qo‘yish emas. Shunchaki migrantlar borasidagi uydirmalar va yolg‘onlar asl haqiqatga mos emasligini yana bir bor ta’kidlash, xolos“.
Sharhlar