Senat: 3 yilda 2 ming 72 nafar shaxs ota-onalik huquqidan mahrum qilingan

Foto; Oliy Majlis senati

Keyingi yillarda bolalarga nisbatan sodir etilayotgan zo‘ravonliklar soni ortib bormoqda. Mavjud huquqiy mexanizmlar uning oldini olish hamda jabrlanuvchilar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda yetarli samara bermayapti.

Oxirgi 3 yilda 2 ming 72 nafar shaxs sudlar tomonidan ota-onalik huquqidan mahrum qilingan. Shundan 1 ming 777 nafari, ya’ni 86 foizi ota-onalik majburiyatlarini bajarishdan bosh tortganligi uchun javobgarlikka tortilgan.

Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi majlisida shu haqda gap bordi.

Majlisda “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Muhokama jarayonida senatorlar tomonidan ushbu qonun yuqoridagi kabi salbiy holatlarga barham berishiga ishonch bildirildi. Chunki qonunda bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish nazarda tutilgan.

“Qonun bilan ota-onalar mas’uliyati yana bir karra oshiriladi. Jumladan, ota-onalar bolalarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilishi, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishi hamda zararli ta’sir ko‘rsatuvchi axborotdan himoya qilishi shartligi, bolalarni tarbiyalashda ularni jismoniy jazolash taqiqlanishi nazarda tutilmoqda”, – deyiladi xabarda.

Muhokama jarayonida ushbu qonunning qabul qilinishi bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlariga murosasiz munosabatda bo‘lish va zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan javobgarlikning muqarrarligi ta’minlanishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.