Rossiya katta miqdorda pul va’da qilib, yuzlab shri-lankaliklarni urushga jalb etgan

Foto: “TASS”

Rossiya Ukrainadagi urushga boshqa mamlakatlar fuqarolarini yollashda davom etmoqda, deb yozadi Al Jazeera. Kubaliklar, serbiyaliklar, nepalliklar va hindistonliklar safiga endi shri-lankaliklar ham qo‘shildi. Ushbu mamlakatning kamida ikki nafar fuqarosi frontda halok bo‘lishga ham ulgurgan.

Frontda yaralangan 36 yoshli Senaka Bandara nashrga ma’lum qilishicha, ular bunchalik xavfli vaziyatga tushishlarini bilmagan. U og‘ir yaralangan hamyurtini o‘q yomg‘iri ostidan olib chiqishga uringan, ammo Ukraina dronlari ularning istehkomini yo‘q qilgan, natijada Senaka o‘zini qutqarishga majbur qolgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ularga Donetskda “yordamchi ishlar”ga jalb etilishlarini aytishgan. Ular ikki marta tayyorgarlik kursidan o‘tgan, shundan so‘ng old frontga yuborilgan. “Ammo biz u yerda hujumga uchrashimizni bilmagandik”, — dedi Senaka.

Rossiyada istiqomat qilayotgan shri-lankaliklar nashrga ma’lum qilishicha, ayni paytda Ukrainadagi Rossiya armiyasi tarkibida ularning yuzlab hamyurtlari xizmat o‘tamoqda. Ular oyiga 3000 dollargacha maosh va Rossiya fuqaroligini berish va’dalari bilan jalb qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindiston hukumati Rossiyadan mamlakat armiyasi bilan shartnomalar tuzgan hind fuqarolariga muddatidan oldin xizmatdan bo‘shashga ruxsat berishni so‘ragan edi. The Hindu nashri ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi bir yil ichida 100 ga yaqin Hindiston fuqarosi Rossiya armiyasi bilan shartnomalar tuzgan bo‘lishi mumkin. 20ғfevral kuni nashr jangovar harakatlarda ishtirok etishni ko‘zda tutmagan ish uchun rozi bo‘lgan kamida uch nafar Hindiston fuqarosi Rossiya armiyasi saflarida jang qilishga majburlangan.

Keyinroq yetti nafar Hindiston fuqarosi videomurojaat e’lon qilib, ularni Rossiya qurolli kuchlari tomonida turib Ukrainadagi urushda jang qilishga majburlashayotganini ma’lum qildi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.