Hindiston Rossiyadan uning armiyasi bilan shartnoma tuzgan hind fuqarolariga muddatidan oldin bo‘shashga ruxsat berishni so‘radi

Foto: Reuters

Hindiston hukumati Rossiyadan mamlakat armiyasi bilan shartnomalar tuzgan hind fuqarolariga muddatidan oldin xizmatdan bo‘shashga ruxsat berishni so‘radi, deb yozadi Meduza.

“Bizga ma’lum bo‘lishicha, Hindistonning bir nechta fuqarolari Rossiya armiyasida yordamchi ishlarga yollangan. Hindiston elchixonasi Rossiya mas’ul idoralari bilan ularning muddatidan oldin bo‘shatilishi masalasini muhokama qilmoqda. Biz barcha Hindiston fuqarolarini ehtiyotkorlik ko‘rsatib, bu nizodan uzoqda turishga chaqiramiz”, — dedi Hindiston Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Randxir Jaysval.

The Hindu nashri ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi bir yil ichida 100 ga yaqin Hindiston fuqarosi Rossiya armiyasi bilan shartnomalar tuzgan bo‘lishi mumkin. 20-fevral kuni nashr jangovar harakatlarda ishtirok etishni ko‘zda tutmagan ish uchun rozi bo‘lgan kamida uch nafar Hindiston fuqarosi Rossiya armiyasi saflarida jang qilishga majburlangan.

2023-yil dekabrida Nepal Rossiyadan o‘z fuqarolarini urushga yollashni to‘xtatishni so‘ragandi. Mamlakat TIV o‘sha vaqtda Ukrainada olti nafar nepallik halok bo‘lganini ta’kidlagandi.

Yanvarda Nepal hukumati fuqarolarga Rossiya va Ukrainada ishlash uchun ruxsatnomalar berishni vaqtinchalik to‘xtatdi. Hukumat hisob-kitoblariga ko‘ra, 200 nafargacha nepallik Rossiya armiyasiga qo‘shilgan bo‘lishi mumkin. Nepal TIV ma’lumotlari bo‘yicha qariyb 100 nafar mamlakat fuqarosi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.